
Portlovchi va zaharli moddalar aylanmasiga talablar kuchaytirildi
04.07.2025 | 18:4033563
O‘zbekistonda portlovchi va xavfli moddalar bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash tartibi 2025 yil 1 avgustdan qat’iylashtiriladi. Yangi talablar xavfsizlik, sanitariya va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 iyun kuni qabul qilingan 397-sonli qaroriga ko‘ra, portlovchi va yonish xavfi bo‘lgan muhit yaratishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar hamda ayrim zaharli moddalar aylanmasini tartibga solish kuchaytirildi.
Qarorga asosan, 2025 yil 1 avgustdan boshlab portlovchi va xavfli moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotish uchun litsenziya olishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan majburiy kelishuv talab etiladi.
Litsenziyalashda qator yangi talablar joriy etildi. Jumladan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi belgilagan ekologik me’yorlarga rioya qilinishi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati talablariga ko‘ra maxsus transport vositalarida tashish ta’minlanishi shart.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan I, II va III xavflilik sinfiga kiruvchi moddalarni foydalanishda sanitariya me’yorlari qat’iy qo‘llanilishi lozim. Shuningdek, sanitar-himoya zonasi bo‘yicha belgilangan hujjatlar talablari ham to‘liq bajarilishi shart.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi portlovchi va xavfli moddalarni saqlash, tashish va utilizatsiya qilish bo‘yicha o‘z talablarini belgiladi.
Qaror bilan xavfli kimyoviy moddalar aylanmasini tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi ham tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 2025 yil 2 iyuldan kuchga kirdi.





