add

Portugaliya ham Falastin davlatini rasman tan oldi

22.09.2025 | 00:4144835

Portugaliya ham Falastin davlatini rasman tan olganini e’lon qildi. Qaror 21 sentyabr kuni qabul qilindi va BMT Bosh assambleyasi yuqori darajali sessiyasini kutmasdan amalga oshirildi.

Portugaliya ham Falastin davlatini rasman tan oldi
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron dunyoning o‘nta davlati — Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Belgiya, Avstraliya, Portugaliya, Malta, Lyuksemburg, Andorra va San-Marino — BMT sammiti doirasida birgalikda Falastinni tan olishga kelishib olganini ta’kidlagan edi. Biroq Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya BMT Bosh assambleyasi sessiyasini kutmasdan Falastinni tan olganini e’lon qilgan edi. Bular safiga Portugaliya ham qo‘shildi. Makronga Falastin muxtoriyati raisi Mahmud Abbos bilan suhbatda o‘z pozitsiyasini shaxsan tasdiqlaganini bildirdi. Fransiya prezidenti bu qadamni mintaqa uchun kompleks tinchlik rejasining bir qismi sifatida ta’rifladi. Unga ko‘ra, bu izrailliklar va falastinliklarning xavfsizlik hamda tinchlikka bo‘lgan intilishlarini ta’minlashga qaratilgan. Makron «Falastin davlatini tan olish orqali ikki davlat konsepsiyasi amalga oshishiga turtki berish mumkin» deb ta’kidladi. Politico manbasiga ko‘ra, Isroil bu qarorga javob choralari tayyorlamoqda. Ular orasida G‘arbiy sohilda anneksiya jarayonlarini tezlashtirish va Quddusda Fransiya konsulligini yopish kabi choralar bor. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Falastin davlatini tan olish Isroilning mavjudligiga tahdid solishi mumkinligini bildirdi. Netanyahu bir necha davlatlar tomonidan Falastinning tan olinishiga rasmiy javob kelgusi haftada berilishini ta’kidladi. U shuningdek, Falastin davlati «hech qachon tuzilmaydi», dedi. Hozirgacha BMTga a’zo 193 ta davlatdan 151 tasi Falastin mustaqilligini tan olgan. Biroq Isroil va AQSH haligacha bunga qarshi chiqmoqda. Bu ikkisidan tashqari tan olmagan yirik davlatlar ichida Germaniya, Italiya, Shveysariya, Avstriya, Finlandiya, Daniya, Niderlandiya, Belgiya, Boltiqbo‘yi davlatlari, Xorvatiya, Kosovo, Shimoliy Makedoniya va Gretsiya kabilar bor. Lotin Amerikasida yagona Panama, Afrika qit’asida davlat Kamerun va Eritriya, Osiyo qit’asida esa Myanma, Yaponiya, Janubiy Koreya va Tayvan Falastinni tan olmagan. Sobiq ittifoq davlatlari ichra faqat Moldova ikkilanib turibdi. Rossiya va Ukraina ham Falastinni tan olgan. O‘tgan hafta BMT Bosh assambleyasi aksariyat ovoz bilan Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish va ikki davlat yechimini amalga oshirish haqida deklaratsiya qabul qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid