Portugaliyada ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanmoqda
Portugaliya parlamenti bolalarning onlayn xavfsizligini kuchaytirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga kirish yoshini 16 etib belgiladi.

Portugaliya parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga mustaqil kirishini cheklovchi qonun loyihasini qabul qildi. Yangi tartibga ko‘ra, minimal raqamli yosh 16 etib belgilandi va 13–16 yoshli o‘smirlar faqat ota-onasi yoki qonuniy vasiysining aniq va tasdiqlangan roziligi bilan platformalardan foydalanishi mumkin. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Qonunga muvofiq, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar, xizmatlar, o‘yinlar va ilovalarda yangi akkaunt ochish taqiqlanadi. 13–16 yosh oralig‘ida esa shaxsni aniqlash va faqat uning yoshini ko‘rsatish imkonini beruvchi maxsus mexanizm joriy etiladi. Bu mexanizm Raqamli mobil kalit yoki shu kabi identifikatsiya tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok kabi ommaviy platformalarni qamrab oladi. Biroq ota-onalar farzandlari bilan aloqa qilishda foydalanadigan WhatsApp ushbu ro‘yxatdan mustasno etilgan.
Sotsialistik partiya ma’lum qilishicha, 13–16 yoshli foydalanuvchilarga ochiq bo‘lgan platformalar zo‘ravonlik, erta jinsiy kontent, qaramlikka olib keluvchi o‘yinlar, manipulyatsiya qilingan video va tasvirlar ta’sirini cheklovchi funksiyalarga ega bo‘lishi shart. Nazoratni Milliy aloqa organi va Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha milliy komissiya amalga oshirishi taklif etilgan.
Parlament muhokamalari davomida ayrim muxolifat vakillari qonun ijrosi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va yoshlar VPN orqali cheklovlarni chetlab o‘tishi mumkinligi borasida xavotir bildirdilar. Shu bilan birga, ayrim deputatlar hujjatni erkinliklarni cheklashga qaratilgan tashabbus sifatida baholadi.
Yevropada yoshlar salomatligi va ruhiy holatiga ijtimoiy tarmoqlar ta’siri ortib borayotgani fonnida bir qator davlatlar shunga o‘xshash choralarni ko‘rmoqda. Fransiya 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun cheklovlarni ma’qulladi, Daniya, Chexiya, Buyub Britaniya, Italiya va Ispaniyada esa tegishli tashabbuslar muhokama qilinmoqda.