
«Poytaxt parking» ustun muzokara kuchiga ega deb topildi
Raqobat qo‘mitasi qarorga ko‘ra, pulli avtoturargohlar bozorida yetakchi kompaniya faoliyati qat’iy nazoratga olinadi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 2025 yil 22-dekabrdan boshlab «Poytaxt parking» brendi ostida ish yurituvchi Streetpark Systems MCHJ umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlar bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi rasmiy axborot berdi.
Qaror raqobat muhitini himoya qilish va bozor ishtirokchilari hamda iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Qonunchilikka muvofiq, ustun muzokara kuchiga ega deb topilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar alohida huquqiy rejim va qat’iy nazorat ostida faoliyat yuritadi.
«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga asosan, bunday kompaniyalarning raqobatni cheklashga yoki iste’molchilar hamda boshqa bozor ishtirokchilarining huquqlarini kamsitishga olib keluvchi harakatlari qat’iyan taqiqlanadi. Jumladan, bozorda sun’iy tanqislik yaratish maqsadida xizmatlar hajmini qisqartirish yoki narxlarni asossiz oshirish mumkin emas.
Shuningdek, iste’molchilarning yetarli hajmda va lozim darajadagi sifatli xizmat olish huquqini cheklash, shartnoma predmetiga aloqasi bo‘lmagan majburiy talablarni qo‘yish ham qonunga zid hisoblanadi. Xizmatlardan foydalanishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shartnoma tuzishni asossiz rad etish yoki bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishiga to‘siqlar yaratishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlardan ortiq haq undirish, ko‘rsatilmagan yoki bepul bo‘lishi kerak bo‘lgan xizmatlar uchun to‘lov talab qilish ham jiddiy qonunbuzarlik sifatida baholanadi. Mazkur qaror orqali pulli avtoturargohlar bozorida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash ko‘zda tutilgan.





