Logo

Poytaxtda yaxshi yashash narxi qancha?

07.07.2026 | 16:026 daqiqa

Toshkentga ishlash yoki o‘qish uchun ko‘chib kelganlarni o‘ylantiradigan savollardan biri “Qancha pul bo‘lsa, Toshkentda yaxshi yashash mumkin?” Poytaxtda bir kishiga uy ijarasi va oziq– ovqatning o‘ziga eng kamida 5,5 million so‘m pul kerak. Agar to‘rt kishilik oilangiz bo‘lsa, minimum 10 million 800 ming so‘mni har oyda sarflaysiz. Xo‘sh, uy ijarasi va ovqatlanish uchun shuncha mablag‘ kerak bo‘lsa, boshqa ehtiyojlar uchun yana qancha mablag‘ zarur? Vaqt.uz Toshkentda yaxshi yashash uchun kerakli barcha xarajatlarni tahlil qilib chiqdi.

Kundalik xarid savati

Odam yaxshi yashashi uchun, eng avvalo, yaxshi ovqatlanishi kerak. Shuning uchun tahlilni oziq– ovqat xarajatlaridan boshlaymiz. Vaqt.uz Toshkentdagi turli bozor va supermarketlarni o‘rganib, o‘rtacha narxlarni hisoblab chiqdi. Albatta, narxlar mavsum va hududga qarab biroz o‘zgarishi mumkin, lekin bugungi hisob– kitoblar aynan o‘rtacha bozor narxlariga asoslanadi.  Har bir xonadonda muntazam olinadigan eng oddiy mahsulotlar narxi bugungi kunda quyidagicha:

• Sut (1 litr) –  12 000 so‘m;

• Guruch (1 kg) –  13 000 so‘m;

• Tuxum (10– 12 dona) – 15 000 –  18 000 so‘m;

• Non (1 dona) –  4 500 so‘m;

• O‘simlik yog‘i (1 litr) –  brendiga qarab 20 000 dan 32 000 so‘mgacha;

• Mol go‘shti (1 kg) –  o‘rtacha 160 000 so‘m;

• Tovuq filesi (1 kg) –  51 000 so‘m atrofida.

Bunga sabzavot va mevalarni ham qo‘shamiz: pomidor 11 000 so‘m, piyoz 4 500 so‘m, kartoshka 7 000 so‘m, olma 27 000 so‘m va banan 24 000 so‘m.

Ba’zida ishxonada tushlik qilasiz, ba’zida do‘stlaringiz bilan uchrashasiz, ba’zan esa ovqat pishirishga umuman vaqt bo‘lmaydi. Shunda kafelar va restoranlar xarajatlari boshlanadi. Biz yig‘gan o‘rtacha narxlarga ko‘ra, arzonroq kafeda bir kishilik tushlik taxminan 40– 45 000 so‘m, o‘rta toifadagi restoranda ikki kishilik ovqat esa 350 000 so‘m atrofida. Fastfud tarmoqlarida bir martalik buyurtma 50 000 so‘mni tashkil qiladi. Va agar qahva ichishni xohlab qolsangiz, bir stakan qahvaning narxi 23 000 so‘m.

Kichik bo‘lib ko‘ringan bu raqamlar oy oxirida yirik summaga aylanadi. Bir oylik oziq– ovqat uchun bir kishiga o‘rtacha 1 million 200 ming so‘m ketadi. To‘rt kishilik oila uchun esa bu xarajat 4– 4,5 million so‘m atrofida bo‘ladi. Va bu hali boshlanishi. Chunki, hayotiy ehtiyojlarimiz faqat oziq– ovqat bilan cheklanmaydi.

Uy– joy va komunal to‘lovlar

Poytaxt aholisining yana bir muhim zarurati  kichkina bo‘lsa ham o‘z uyiga ega bo‘lish. Lekin Toshkentda uyli bo‘lish unchalik oson va arzon ish emas. Shu sababli ko‘pchilik ijarada yashashni tanlaydi. Biz o‘rgangan o‘rtacha narxlarga ko‘ra, Toshkentda bir kishi yoki yosh oila uchun mos bo‘lgan bir xonali uy ijarasi oyiga o‘rtacha 3 milliondan 5 million so‘mgacha. Albatta, bu narx joylashuvga va uyning holatiga qarab o‘zgarishi mumkin. To‘rt kishilik oila uchun esa bitta xonali uy torlik qilishi aniq. Shuning uchun kamida ikki yoki uch xonali kvartira kerak bo‘ladi. Bunday uylarning o‘rtacha ijara narxi oyiga 5 million 400 ming so‘mdan 7 million 200 ming so‘mgacha. 

Xo‘p, ijaraga uy topib, ko‘chib keldingiz ham deylik. Endi u uyda yashash uchun, tabiiyki, gaz, svet va suvdan foydalanasiz. Kommunal to‘lovlar esa, bugungi kunda Vaqt.uz hisob kitoblariga ko‘ra bir kishi uchun oyiga o‘rtacha quyidagicha:

•   Elektr energiyasi –  130 000 so‘m;

•   Gaz –  20 000 so‘m;

•   Suv –  15 000 so‘m;

•   Issiq suv – 25 000 – 30 000 so‘m 

•   Qishda ko‘p qavatli uylardagi isitish tizimi uchun – 290 000 so‘m

•   Chiqindi xizmati –  7 500 so‘m;

•   Uy interneti –  140 000  – 150 000 so‘m;

•   Mobil aloqa –  50 000 so‘m.

Toshkentda yolg‘iz yashayotgan bir kishi uchun uy ijarasi va eng zarur kommunal xizmatlarning o‘zi oyiga o‘rtacha 4 million so‘mni tashkil qiladi. Agar gap to‘rt kishilik oila haqida ketsa, kengroq uy va ko‘proq iste’mol xarajatlarini hisobga olganda, bu oyiga o‘rtacha 7 million so‘m atrofiga yetadi. Va e’tibor bering, bu hali yaxshi yashash narxi emas. Bu shunchaki Toshkentda yashashni boshlash narxi.

Transport xarajatlari

Toshkent  katta shahar. Har kuni bir nuqtadan ikkinchisiga yetib borish uchun ham ancha– muncha pul sarflaysiz. Agar faqat jamoat transportidan foydalansangiz, oylik transport kartasi 190 ming so‘mga tushadi. Bu  eng hamyonbop variantlardan biri. Lekin poytaxtda har doim ham avtobus yoki metro kutishga imkon bo‘lavermaydi. Ayniqsa, shoshilinch vaziyatlarda ko‘pchilik taksidan foydalanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, taksi xizmatlarining har bir kilometri uchun 5 ming 700 so‘mdan haq to‘lanadi. Agar siz jamoat transportidan ham, taksidan ham foydalanmayman, o‘z mashinam bor desangiz, siz uchun asosiy xarajat yoqilg‘i bo‘ladi. Hozirgi narxlarda AI– 92 benzini bir litriga 12 ming so‘m, AI– 95 esa 14 ming so‘mga yaqin turadi. Bu raqamlar unchalik katta emas– ku deyishga shoshilmang. Ishga qatnash, bolani bog‘chaga olib bor, olib kel, ishdan uyga qayt va qarabsizki, oy oxiriga kelib transport ham budjetning sezilarli qismini egallaydi. 

Ta’lim xarajatlari

Oilada bog‘cha yoki maktab yoshidagi bolalar bo‘lsa, sarf– xarajatlar yanada qimmatlashadi. Agar farzandingiz Toshkentdagi davlat bog‘chasiga qatnasa, oyiga o‘rtacha 272 ming so‘m to‘lov qilasiz. Bu  ko‘pchilik uchun nisbatan hamyonbop variant. Lekin bugun ko‘plab ota– onalar farzandini xususiy bog‘chaga berishni afzal ko‘rmoqda. Biz o‘rgangan narxlarga ko‘ra, Toshkentdagi xususiy bog‘chalar uchun oylik to‘lovlar 2 million so‘mdan boshlanib, o‘rtacha 4 million 300 ming so‘mgacha yetadi. Xususiy maktabga kelsak, narxlar 3 million 200 ming so‘mdan boshlanadi. Ayrim nufuzli ta’lim muassasalarida esa bu summa oyiga 12 million so‘mgacha chiqadi. Shunday qilib, Toshkentdagi xususiy maktablar uchun o‘rtacha oylik to‘lov 7 million 600 ming so‘m ekan. Agar bunga qo‘shimcha repetitor xizmatlarini ham qo‘shsak, bir yarim soatlik darslar o‘rtacha 775 ming so‘m. Xullas, farzandining ta’limiga jiddiy e’tibor qaratayotgan oila uchun xarajatlar sezilarli darajada oshadi. 

Salomatlik va dam olish

Inson faqat ishlash uchun yashamaydi. Dam olish va salomatlikni saqlash ham turmush sifatining ajralmas qismidir. Masalan, kinoteatr chiptasi 80 ming so‘m, sport zaliga bir oylik to‘lov 775 ming so‘m. Shifokor ko‘rigi davlat kasalxonalarida o‘rtacha 100– 150 ming so‘m bo‘lsa, xususiy klinikalarda 250 ming so‘m atrofida bo‘ladi.

Biz sanab o‘tgan barcha xarajatlarni bir joyga yig‘sak, Toshkentda bir kishi yoki bir oilaga oyiga qancha pul kerak bo‘ladi? Hisob– kitoblarimizga ko‘ra, poytaxtda bir kishining oziq– ovqat, uy ijarasi, kommunal xizmatlar, transport, sog‘liq va dam olish kabi asosiy ehtiyojlari uchun oyiga o‘rtacha 7 million so‘mga yaqin mablag‘ kerak bo‘ladi. Ikki kishilik yosh oilada bu ko‘rsatkich 10– 11 million so‘mga yetadi. To‘rt kishilik oilaning eng zarur xarajatlari esa oyiga kamida 13 million so‘mni tashkil qiladi. Agar oilada bog‘cha yoki maktab yoshidagi farzandlar bo‘lsa, xarajatlar yanada ortadi. Xususiy bog‘cha bilan oylik budjet 16 million so‘mga, xususiy maktab bilan esa 20 million so‘mdan oshishi mumkin. Demak, Toshkentda yaxshi yashash uchun kerak bo‘ladigan summa odamning turmush tarzi va ehtiyojlariga qarab farq qiladi. Ammo bugungi hisob– kitoblar shuni ko‘rsatadiki, poytaxtda qulay hayot kechirish uchun kichik oilaga ham kamida 15 million so‘mlik oylik daromad kerak bo‘ladi. Milliy statistika agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi o‘rtacha oylik ish haqi  11 million 684 ming 300 so‘m. 4 kishilik oilaning eng asosiy ehtiyojlari uchun oyiga kamida 13– 15 million so‘m kerak bo‘lishini hisobga olsak, bitta o‘rtacha maosh bilan oilaning barcha xarajatlarini qoplash oson bo‘lmasligi mumkin. Ayniqsa, oilada bog‘cha yoki maktab yoshidagi farzandlar bo‘lsa. Shu sababli ko‘plab oilalar uchun qo‘shimcha daromad manbai yoki oiladagi ikkinchi ishlovchi a’zo muhim rol o‘ynaydi. Demak, Toshkentda yashash xarajatlarining asosiy qismini uy– joy va oziq– ovqat xarajatlari tashkil qilyapti. Qolgan xarajatlar esa transport, sog‘liq, sport va dam olish o‘rtasida taqsimlanadi.

Albatta, har kimning turmush tarzi har xil. Kimdir kamroq, kimdir esa ko‘proq sarflaydi. Ammo bir narsa aniq: poytaxtda yashash uchun moliyaviy savodxonlik zarar qilmaydi. Vaqt.uz esa sizga shunday foydali hisob– kitoblar va iqtisodiy bilimlarni ulashishda davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid

Poytaxtda yaxshi yashash narxi qancha? | Vaqt.uz