Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning «belini sindirish» evaziga bo‘lmasligi kerak – Bobur Bekmurodov

Bugun 17:402 daqiqa

Deputat Bekmurodov prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilganini ham eslatdi va mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatib, qonuniylikni ta’minlashga chaqirdi.

Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning «belini sindirish» evaziga bo‘lmasligi kerak – Bobur Bekmurodov

Toshkent shahrida tadbirkorlarni o‘zlariga tegishli reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilishga undash holatlari ko‘paymoqda. VAQT.UZ bilan gaplashgan tadbirkorlik subyektlari egalari ham bu holatga o‘z e’tirozlarini bildirib kelmoqda. Mazkur vaziyatga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan, Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan Bobur Bekmurodov ham munosabat bildirdi.

Deputat Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli bo‘lishi kerakligi, ammo, shu bilan birga, bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozimligini qayd etgan. Bekmurodov bu borada e’tibor qaratish shart deb hisoblaydigan prinsipial masalalarga ham to‘xtalgan.

«Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Biroq majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yo‘q. Ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim», – deydi u.

Shuningdek, Bobur Bekmurodov prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilganini ham eslatgan. Uning qayd etishicha, dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish — bu qo‘shimcha moliyaviy yuklamadir.

«Har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqatgina qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida bo‘lishi shart. Tadbirkorga «ikki kun ichida demontaj qil» deb talab qo‘yish — bu ma’muriy buyruqbozlikning ko‘rinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy ta’sir o‘tkazadi», – deydi Bekmurodov.

Deputat rivojlangan davlatlar tajribasini misol sifatida keltirar ekan, u mamlakatlarda dizayn-kod keskin o‘zgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat – «o‘tish davri» berishi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplashini ta’kidlab, Toshkentda barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushayotganini qayd etdi.

«Biz mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishga va qonuniylikni ta’minlashga chaqiramiz. Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning «belini sindirish» evaziga bo‘lmasligi kerak.

Shahar ma’muriyati biznes bilan «buyruqbozlik» tilida emas, balki teng huquqli sheriklik va ochiq muloqot asosida ishlashi lozim», – deydi Bobur Bekmurodov.

Teglar

Mavzuga oid