
Prezident Administratsiyasida 5 ustuvor yo‘nalish belgilab berildi — yangi farmon asosida tub islohotlar
14.07.2025 | 17:014383
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan yangi Farmonga ko‘ra, davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, natijadorlik va proaktivlikni oshirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Farmon Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish — ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalarini belgilar ekan, har bir yo‘nalish uchun mas’ul o‘rinbosarlar tayinlanishi nazarda tutilgan.
Farmonga muvofiq, Prezidentning strategik rivojlanish va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yangi maslahatchilar lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, tadbirlarni tashkil etish va hududlarga tashriflar bo‘yicha tahliliy kontent tayyorlashga ixtisoslashgan departamentlar tashkil etiladi.
OAV bilan ishlash, aholi bilan ochiq muloqot qilish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va davlat idoralarining mustaqilligini oshirish bo‘yicha ham muhim qadamlar belgilangan.
Jumladan, endi vazirlik va idoralar o‘zlariga tegishli sohani mustaqil tartibga solish vakolati doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, Idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qayta ishlash (tahrirlash) imkoniyati yaratiladi. Ularni xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonida ularga huquqiy normalarni kiritishga ruxsat etiladi.
Farmonga ko‘ra, mahalliy hokimliklarning iqtisodiy, ma’muriy va moliyaviy vakolatlari kengaytirilib, ularning hududiy rivojlanish, aholi bandligi va daromadini oshirishga qaratilgan tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi.





