Prezident administratsiyasidan vazirlikka

17.02.2026 | 17:433 daqiqa

Hilola Umarova Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimidan olinib, vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu qaror oddiy kadrlar rotatsiyasimi yoki ta’lim tizimidagi yangi bosqich boshlanishining belgisi?



O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshlaganiga hali bir yil ham to‘lmagan Hilola O‘ktamovna Umarova Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq ishdan olindi. U yana Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qaytdi, biroq endi vazir sifatida emas, balki uning o‘rinbosari sifatida. Shuningdek, u endilikda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori ham hisoblanadi.

2,5 yildan ortiq vaqt davomida vazirlikni boshqarib, 2025 yil iyul oyida Prezident administratsiyasiga o‘tgan Umarova nima sababdan rektorlikka qaytarilgani ma’lum emas. Qizig‘i shundaki, u Prezident administratsiyasida atigi 217 kun ishladi. Uning lavozimdan olingani sabablari ochiqlanmagan.

Hilola Umarova 2022–2025 yillarda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri sifatida faoliyat yuritgan davrda tizimda turli muammolar, o‘qituvchilar bilan bog‘liq bahsli holatlar ham muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Umarova Prezident administratsiyasiga o‘tganidan keyin kam ko‘rinadigan bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay esa uning lavozimi o‘zgardi. Bu qaror oddiy kadrlar rotatsiyasimi yoki ta’lim tizimidagi yangi bosqich boshlanishining belgisi — bu savol hozircha ochiq qolmoqda.

Hilola Umarova 1988 yil 9-avgust sanasida Germaniyaning Vaymer shahrida tug‘ilgan. U 2010 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr bosqichi, 2013 yil esa ushbu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan.

U Toshkent shahridagi Inha universitetining faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha bosh menejeri lavozimida ishlagan, 2020 yil oktabrda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga rahbar etib tayinlangan, 2022 yil dekabridan esa maktabgacha va maktab ta’limi vaziri sifatida ishlagan. 

Umarova vazirligi paytida ko‘plab tanqidlarga uchradi, bog‘chalardagi holatlar, o‘qituvchilarning oyligi masalasi, ularga qo‘l ko‘tarilishi, majburiy mehnatga jalb qilinishi, Surxondaryoda maktab direktori hokimning buyrug‘i bilan qamoqqa olinishi va o‘sha hokimga oradan bir yil o‘tib vazir tomonidan «Ta’lim homiysi» ko‘krak nishoni topshirilishi shular jumlasidandir. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham Umarova Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga biron marta hisobotga bormaganini qoraladi.

Uning faoliyati faqat kamchiliklar bilan esda qolgani yo‘q. Umarova vazir bo‘lgan paytda «Vazir jamg‘armasi» tashkil qilindi va u o‘qituvchilarni rag‘batlantirish mexanizmini kuchaytirishga qaratilgan muhim instrument sifatida joriy etildi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda jami 58 ta yangi inklyuziv maktab qurilishi, ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha dasturlar tashkil etish uchun grant kelishuvlari imzolandi.

2025 yil 14-iyulda Xilola Uktamovna Umarova Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga esa E’zozxon G‘ofirjonovna Karimova vazir etib tayinlandi. U shu paytgacha Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori sifatida ishlab kelayotgandi. Shu yerda lavozimga e’tibor bering. Oradan yetti oy o‘tib, hilola Umarova ham huddi shu lavozimga tiynlandi.

Umarova prezident administratsiyasidagi faoliyati davomida turli tadbirlarda qatnashgani, chet ellik delegatsiyalarni qabul qilgani, yangi vazir bilan viloyatlarga borgani ma’lum. Shuningdek, u 2025 yil dekabrda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida doktorlik dessertatsiyasini himoya qildi.

Shunday qilib, 217 kun davomida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Hilola Umarova prezidentning tegishli qarori bilan maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi.

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 607

Barchasi

Mavzuga oid