
Prezident: Davlat idoralari oldidagi ko‘chalarni to‘sish va xos «parkovka»larga barham berilsin
09.07.2025 | 17:4536173
Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda yo‘llarni to‘sib qo‘yish, avtoulov qatorini egallab olgan davlat xizmatchilari hamda jamoat transportidan foydalanish madaniyati muhokama qilindi. «Oddiy haydovchining dardi eshitilmaydi», dedi Prezident.

Yo‘l harakati xavfsizligi va tirbandlikni kamaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezident shahar infratuzilmasidagi yana bir jiddiy muammoga e’tibor qaratdi. Jumladan, vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar binolari oldidagi ko‘chalarda tirbandlikni kuchaytiruvchi «parkovka»lar aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Prezident topshirig‘i bilan 15 ming nafar haydovchi o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Unda ko‘pchilik poytaxt va yirik shaharlarda qonuniy avtoturargohlar yetishmasligi tufayli majburan yo‘l bo‘yiga mashina qo‘yayotganini bildirgan. «Haydovchilarning dardi eshitiladigan ochiq muloqot platformasi yo‘q», deya ta’kidladi davlat rahbari.
Yig‘ilishda mutasaddilarga barcha mahalla va tashkilotlar hududida asossiz ravishda o‘rnatilgan taqiqlovchi yo‘l belgilari olib tashlanishi, vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, «parkovka» qilib olgan hududlarda foto va video kameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari jamoat transportidan foydalanish bo‘yicha barchaga namuna bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Hukumat qaroriga ko‘ra, endi faqat maxsus ro‘yxatdagi rahbarlargina xizmat mashinasida yo‘llarda ustunlikka ega bo‘ladi. Qolganlar ushbu imtiyozdan mahrum bo‘ladi.





