
Prezident: dukkakli ekinlar uchun texnikalarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratiladi
30.07.2025 | 16:152853
2023 yilda eksportini 75 foizi may-oktyabr oylariga to‘g‘ri kelgan, ya’ni narxlar past bo‘lgan davrga. Noyabr-mart oylarida esa narxlar 2-3 barobar yuqori, ammo mahsulot yetishmasligi sababli bu davrdan foydalanilmayapti. Prezident eksport masalasiga mas’ullar o‘zlari yangilik qilolmasa, tadbirkorlardan o‘rganishlari kerakligini ta’kidladi.

Bu yil ilg‘or eksportchilar 9 ming tonna muzlatilgan olchani 26 mln dollarga eksport qilgani misol qilib keltirildi. Xatto o‘zimizda yetishmagan olchani import qilib, qayta muzlatib, reeksport qilgan holatlar ham qayd etildi. Shu sababdan, dala chetlarida eksportbop mahsulotlar, ayniqsa olcha ko‘paytirilishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Suvsizlik tufayli 2 600 gektar maydonda ekinlar qurib qolgan. Ammo Jondor, Ohangaron, G‘allaorol, To‘raqo‘rg‘on va Yangibozor tumanlaridagi tomchilab sug‘orish tajribasi ijobiy natija bergan. Viloyat hokimlariga shu tajribani kengaytirish va qurib qolgan yerlarda tiklash topshirildi.
Qadoqlash yo‘nalishida bu yil 16 ta zamonaviy korxona ishga tushgan, yil yakunigacha yana 15 tasini ishga tushirish zarurligi aytildi. Eksportdagi eng katta zaxiralardan biri — dukkakli ekinlar. Har yili 450 mln dollarlik mahsulot eksport qilinsa-da, ishchi kuchi yetishmasligi tufayli hosilning 30 foizi yo‘qotilmoqda.
Shu bois Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi tomonidan dukkakli ekinlar uchun texnikalarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilishi e’lon qilindi. Joriy yil oxirigacha 200 ta maxsus texnika olib kelinishi vazifa qilib qo‘yildi.
Tadbirkorlar ichki tashish xarajatlari yuqoriligidan shikoyat qilmoqda. Chunki mahsulot qaysi postdan kirgan bo‘lsa, eksport ham o‘sha yerdan bo‘lishi talab qilinadi. Endi Bojxona qo‘mitasiga qayta ishlangan mahsulotni istalgan post orqali eksport qilish imkonini yaratish topshirildi.





