add

Prezident: «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga qo‘shimcha imtiyozlar ajratiladi»

14.10.2025 | 14:449594

Shavkat Mirziyoyev mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni e’lon qildi. Endi faol aholi boshlagan loyihalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla»lar esa qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.

Prezident: «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga qo‘shimcha imtiyozlar ajratiladi»
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini takomillashtirish va joylardagi ishlar samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mahallalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari taqdim etildi. Bir oy oldin qabul qilingan qarorga muvofiq, «Tashabbusli byudjet» tizimi doirasida fuqarolar o‘zlari boshlagan yo‘l, suv ta’minoti, maktab yoki bog‘cha ta’miri kabi loyihalarni amalga oshirganda, xarajatlarning yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun 1 mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Prezident bu jarayonda soliq intizomini kuchaytirish maqsadida «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» reytingini joriy etishni ma’lum qildi. Reytingda ilk 100 talikka kirgan mahallalarning infratuzilma xarajatlarining 75 foizi byudjet hisobidan to‘lanadi, shuningdek, ularning har biriga 2 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ beriladi. Shu bilan birga, deputatlarga o‘z okruglaridagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 3 milliard so‘mdan ajratiladi. Sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilishlar bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi. 2026 yildan boshlab esa mahallalarga har yili 200 milliard so‘mdan doimiy mablag‘ ajratiladi. Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu beshta manba hisobiga kelgusi bir yilda 2 mingta mahallaga jami 8,5 trillion so‘m qo‘shimcha resurs yo‘naltiriladi. Davlat rahbari bu mablag‘larni oqilona sarflash va «mahalla yettiligi» faoliyatini yangi yondashuv asosida tashkil etish zarurligini qayd etdi. Mirziyoyev misol sifatida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasini tilga oldi. «Ushbu mahalla atrofidagi olti mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi markazga aylanmoqda, tadbirkorlar esa zamonaviy guzar, maktab, bog‘cha va ishlab chiqarish zonasi qurish tashabbusini ilgari surmoqda. Arxitektor va urbanistlarni jalb etish orqali bu hududlarning qiyofasi butunlay yangilanishi kutilmoqda». Prezident hokimlarga Islohotlar shtabi bilan hamkorlikda birinchi bosqichda 33 ta tuman va 330 ta mahallada shunday yondashuv asosida ishlarni amalga oshirish vazifasini topshirdi.

Teglar

Mavzuga oid