add

Prezident farmoni bilan hokimliklarda yangi boshqaruv tizimi joriy etiladi

2026 yildan boshlab O‘zbekistondagi 33 ta tuman va shahar hamda Surxondaryo viloyati hokimliklari tarkibida vazirlik va idoralar bo‘linmalari to‘g‘ridan to‘g‘ri hokimlikka bo‘ysundiriladi.

Prezident farmoni bilan hokimliklarda yangi boshqaruv tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston prezidentining «Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun hokimliklar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab hokimliklarda yangi boshqaruv tizimi amalga kiritiladi.

Unga muvofiq, «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi» deb nomlangan 33 ta tuman va shahar hamda Surxondaryo viloyatining barcha hududlarida 9 ta vazirlik va idora bo‘linmalari hokimliklar tarkibiga o‘tkaziladi. Bu bo‘linmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri hokimlarga bo‘ysinadi va ular xodimlarni tayinlash hamda rag‘batlantirish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmonga binoan, viloyat hokimining o‘rinbosarlari soni 6 nafar, tuman va shahar hokimliklarida esa 4 nafar etib belgilandi. Har bir rahbarga kamida 3 nafar ijrochi xodim biriktiriladi. Bu tizim boshqaruvda shaffoflikni ta’minlash va mas’uliyatni aniq taqsimlashga qaratilgan.

Shuningdek, KPI ko‘rsatkichlariga to‘liq erishgan hokimlarga ajratiladigan mablag‘ 15 foizga oshiriladi. Bu mahalliy rahbarlarning natijaviy faoliyat yuritishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

2026 yildan boshlab «Hududlararo iqtisodiy hamkorlik forumi» ham har yili o‘tkaziladi. Farmon doirasida «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri hamda 2030 yilgacha mo‘ljallangan nomarkazlashtirish strategiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid