
Prezident ijro intizomini kuchaytirish bo‘yicha farmon imzoladi
28.07.2025 | 11:157762
2025 yil 25 iyul kuni Prezident tomonidan «Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–117-sonli Farmon imzolandi. Unga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlar tomonidan Prezident hujjatlari ijrosini ta’minlashda qat’iy intizom va samaradorlikka e’tibor kuchaytiriladi.
Farmonga asosan, qonunlar va Prezident farmonlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlari joriy etiladi. Shuningdek, hududlarda islohotlar natijalarini tahlil qilish, ijro jarayonida birinchi rahbarlarning mas’uliyatini oshirish hamda bu jarayonlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini kiritish nazarda tutilgan.
Mazkur farmonga binoan, Hisob palatasiga qator yangi vazifalar yuklatildi. Jumladan:
— farmon va qarorlar doirasida ajratilgan mablag‘lar aholi va tadbirkorlar uchun qay darajada foyda berganini baholash;
— ijroni ta’minlashga qaratilgan kompleks choralar ishlab chiqish va davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari palata zimmasiga yuklandi.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi qisqartirilayotgan shtatlari hisobidan Hisob palatasiga qo‘shimcha 10 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi.
Ushbu choralar Prezident tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvida javobgarlikni kuchaytirish va fuqarolar manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.





