add

Prezident ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi

30.10.2025 | 08:384312

2026 yildan boshlab rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 oktyabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish va aholini nafaqalar bilan keng qamrab olish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Uchrashuvda aholini og‘ir hayotiy holatlarda daromadsiz qolishdan himoya qilish, ijtimoiy nafaqalar qamrovini kengaytirish va tizimni raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida so‘nggi to‘rt yilda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 6,8 foizgacha kamaydi. Kam ta’minlangan oila sifatida nafaqa oluvchilar soni esa 14 foizdan 6,1 foizga tushdi.

Shu bilan birga, xususiy sektorda ishlovchi aholining barchasiga ham homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo‘shash bo‘yicha nafaqalar to‘lab berilmayotgani qayd etildi. Bu holat ishlab chiqarish xarajatlarini oshirib, tadbirkorlik faoliyati raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Taqdimotda xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizm — ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali nafaqalarni to‘lash tizimi taklif etildi. Unga ko‘ra, 2026 yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqasi, shu yilning ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi.

Yangi tizimning asosiy maqsadi — aholini ishonchli ijtimoiy himoya bilan ta’minlash, ayniqsa ayollar va ishchilarning huquqlarini mustahkamlash, shu bilan birga rasmiy mehnat munosabatlarini rag‘batlantirishdir. Prezident ijtimoiy sug‘urta sohasini raqamlashtirish, nafaqalarni proaktiv tayinlash va shaffof tarzda to‘lashni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgiladi.

Mavzuga oid

Prezident ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi | Vaqt.uz