
Prezident Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi
Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida yangidan qurilgan Imom Buxoriy majmuasini ko‘zdan kechirdi.

30 oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida an’anaga ko‘ra, davlat rahbari Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.
Prezident majmuada olib borilgan so‘nggi qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Davlat rahbari tashabbusi bilan majmua tubdan qayta qurilib, u buyuk muhaddis Imom Buxoriyning islom olamidagi nufuziga munosib ravishda yangidan barpo etildi. Ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Majmua hududi kengaytirilib, umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Unda 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, ma’muriyat binolari, muzey hamda kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazildi. Ziyoratgohning to‘rt burchagidagi 75 metrlik minorlar unga yanada salobat bag‘ishlagan.
Davlat rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, majmua tarkibida innovatsion muzey ham tashkil etildi. Unda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy merosi va hadis ilmiga qo‘shgan ulkan hissasi haqidagi ekspozitsiyalar joy olgan. Shuningdek, Qur’oni karimda tilga olingan 25 payg‘ambar tarixi, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti hamda hadislarning yozilishiga oid ma’lumotlar ham namoyon etilgan.
Majmua atrofida bir to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari qurilib, xizmat ko‘rsatish infratuzilmalari yakunlanish arafasida. Prezident majmua faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish va yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tashrif yakunida davlat rahbari majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida 30 oktyabrdan 14 noyabrgacha UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi. Bu sessiya 40 yil ichida ilk marta Parijdan tao‘qarida o‘tkazilmoqda.





