add

Prezident Mirziyoyev Ichki ishlar organlari xodimlarini bayram bilan tabrikladi

25.10.2025 | 16:254512

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlari, ofitser va generallar, serjant va safdorlar hamda faxriylarga tabrik yo‘lladi.

Prezident Mirziyoyev Ichki ishlar organlari xodimlarini bayram bilan tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlari, ofitser va generallar, serjant va safdorlar hamda faxriylarga tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari ularning Vatan oldidagi xizmatini yuksak baholab, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi fidokorona mehnatini e’tirof etdi.

Prezident ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ichki ishlar tizimini xalqchil va zamonaviy tuzilmaga aylantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatda barqaror osoyishtalik muhitini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 2025 yilda «Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish» asosiy ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu doirada xavfi yuqori bo‘lgan mahallalarda tezkor yordam markazlari va qo‘riqlash xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, raqamli infratuzilmani takomillashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlarini jamoat xavfsizligini ta’minlashga joriy etish bo‘yicha ishlar faol davom etmoqda. «Xavfsiz shahar» platformasi, «Yagona migrant» ma’lumotlar bazasi va 20 dan ortiq yangi axborot tizimlari faoliyat boshlagan.

Shuningdek, Prezident kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, yoshlar va migrantlar bilan ishlash tizimini mustahkamlash hamda giyohvandlikka qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etdi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurash» yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani muhim qadam hisoblanadi.

Prezident tabrigida, eng avvalo, el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan mard xodimlarning xotirasiga hurmat bildirildi. Davlat rahbari ichki ishlar tizimi xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy ish sharoitlarini yaratish va moddiy rag‘batni kuchaytirish doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi.

«Ushbu shonli ayyomda el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur soha xodimlarining xotirasini hurmat bilan yodga olib, ularning oilalari va farzandlariga ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz.

Hech shubhasiz, ichki ishlar organlari xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ish sharoitlari, zarur texnik vositalar bilan ta’minlash, malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.

Sizlarni bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.» — deya tabrigini yakunlagan davlatimiz rahbari.

Teglar

Mavzuga oid