add

Prezident narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha yangi choralarni belgiladi

Shavkat Mirziyoyev 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish milliy dasturini ma’qulladi.

Prezident narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha yangi choralarni belgiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va prokuror nazoratini raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishib, millat genofondini muhofaza qilish hamda xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi vazifalarni belgiladi.

Jumladan, Prezident mamlakatda narkojinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, dunyoda giyohvandlik butun insoniyat uchun global tahdidga aylangan — bu illat 400 milliondan ortiq odamni qamrab olgan, har yili esa 300 mingga yaqin inson hayotini yo‘qotmoqda.

O‘zbekistonda ham yil boshidan beri 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlandi, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar musodara qilindi. Prezident ta’kidlashicha, narkojinoyatlarning yangi shakllari, xususan sintetik moddalar tarqalishi va internet orqali yashirin savdo tizimining kengayishi bu sohadagi choralarni tubdan kuchaytirishni talab etmoqda.

«Milliy qonunchiligimizga shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalar kiritish vaqti keldi» — dedi davlat rahbari.

Taqdimotda narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha yangi rejalar taklif etildi. Ular orasida o‘quvchi va talabalar orasida narkotiklar tarqalishiga chek qo‘yish, yoshlarda murosasiz munosabatni shakllantirish, uyushgan guruhlar va internet orqali tarqatish kanallarini aniqlash hamda jinoiy javobgarlikni kuchaytirish kabi choralar bor.

Bundan tashqari, yoshlar orasida giyohvandlikni aniqlash, davolash va reabilitatsiya tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, profilaktik va targ‘ibot ishlarini yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida Prezident 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish milliy dasturini ma’qulladi. Dastur 100 dan ziyod amaliy, profilaktik va tashkiliy choralarni o‘z ichiga oladi hamda barcha mutasaddi idoralar uchun uzluksiz ish tizimini joriy etish vazifasini belgilaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha yangi choralarni belgiladi | Vaqt.uz