
Prezident Olimpiada-2028 uchun tayyorgarlik dasturini tasdiqladi
17.07.2025 | 18:3030834
O‘zbekiston Olimpiada va Paralimpiada-2028 uchun keng ko‘lamli tayyorgarlik dasturini qabul qildi. Hujjatda sport turlari ustuvorlikka ko‘ra toifalarga ajratilgan, iste’dodlarni saralash kuchaytirilishi va murabbiylarga ustama joriy etilishi belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni 2028 yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan 34-Yozgi Olimpiya va 18-Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlashga qaratilgan dasturni tasdiqladi.
Hujjatda sport turlari uch toifaga — ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan yo‘nalishlarga bo‘lingan. Ustuvor turlar sifatida boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash va og‘ir atletika belgilangan. Istiqbollilar qatoriga kurashning boshqa yo‘nalishlari, yengil atletika, o‘q otish, velosport, suzish va sinxron suzish kabilar kiritilgan. Rivojlanayotgan turlar orasida voleybol, triatlon, basketbol va stol tennisi bor.
2025/2026 o‘quv yilidan Respublikan olimpiya va paralimpiya tayyorgarlik markazi ikki bosqichli tizimga o‘tadi. 2026 yildan boshlab markaz to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi va 800 nafar sportchi ta’lim oladi. Ular oylik stipendiya bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, murabbiylar rag‘batlantirish uchun natijalarga qarab 10 foiz ustama oladi. Tashqi mutaxassislar jalb etilishi ham nazarda tutilgan.
Dastur doirasida birinchi bor nodavlat sport tashkilotlari maxsus reyestrga kiritilib, ularning sportchilari terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ldi. Prezident farmoniga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi.
2025 yildan «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» nomli yoshlar chempionati yo‘lga qo‘yiladi. Final bosqichi Olimpiya shaharchasida «Prezident Olimpiadasi» formatida o‘tkaziladi.
Sport jihozlari va ekipirovkalarning ayrim turlari 2029 yil 1 yanvargacha bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi. Sportchilar va mutaxassislar daromadlari esa 2021 yildan beri soliqlardan ozod etilgan.





