add

Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belgiyaga bordi

24.10.2025 | 09:583832

Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belgiya poytaxti Bryusselga yetib bordi. Tashrif Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belgiyaga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Bryussel shahriga yetib bordi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi. Davlat rahbari va uning rafiqasini Belgiya poytaxtining xalqaro aeroportida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduard Stiprays hamda bir qator rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, u Belgiya qiroli Filipp bilan uchrashuvda ham ishtirok etadi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy va iqtisodiy asoslarini yanada mustahkamlaydi.

Prezident tashrifi doirasida Yevropa davlatlarining yirik kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati ham rejalashtirilgan. Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya muhiti va «yashil iqtisodiyot» yo‘nalishidagi istiqbollar muhokama etiladi.

Shuningdek, tashrif kun tartibidan «O‘rta koridor» — Trans-Kaspiy yo‘nalishi, transport va logistika hamkorligi masalalari ham muhim o‘rin egallaydi. Bu yo‘nalish Yevropa bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lanishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid