add

Prezident sport sohasidagi yangi marralarni e’lon qildi

Bugun 20:202 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev sport sohasidagi 2025 yil sarhisobi va 2026 yilgi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident sport sohasidagi yangi marralarni e’lon qildi

O‘zbekistonda ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilarning soni yaqin istiqbolda 17 million nafarga yetkazish zarur. Bu haqda bugun, 20-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tanishgan sport sohasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026 yil uchun mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan taqdimotda ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, taqdimotda o‘tgan yili o‘zbekistonlik yoshlar jahon universiadasida 13-o‘rin, Bahrayndagi Yoshlar o‘yinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqasida 2-o‘rin, BAAdagi Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida 1-o‘rinni egallagani, shuningdek Futbol bo‘yicha milliy terma jamoa ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani va Javohir Sindorovning Jahon kubogidagi g‘alabasi eslab o‘tilgan.

«Prezident Olimpiadasi»: yangi formatda

2025 yilda Xalqaro sport o‘yinlari va Olimpiadalar uchun munosib zaxira yaratish maqsadida tashkil etilgan Prezident Olimpiadasi tashkil etilgani va birinchi musobaqada 103 ming nafar sportchi ishtirok etgani ma’lum qilingan. Musobaqaning final bosqichida 11 ta sport turi bo‘yicha 3 mingdan ortiq sportchi 135 ta oltin, 134 ta kumush va 227 ta bronza medali uchun kurashgan. Endilikda musobaqalarni yiliga 2-marta o‘tkazish va hududlarda 13-14 yosh toifasida tashkil etish, sport turlarining sonini bosqichma-bosqich 20 taga yetkazish topshirilgan.

Shuningdek, o‘tgan yili Olimpiya shaharchasi va Milliy futbol markazi foydalanishga topshirilgani sport sohasida muhim tarixiy voqea sifatida eslab o‘tilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Olimpiya shaharchasiga 17 ta olimpiya sport federatsiyasi va boshqa sport tashkilotlari ko‘chib o‘tgan.

Bundan tashqari, joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahrida Butunjahon suzish federatsiyasi Ijroiya byurosi yig‘ilishi, Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping agentligi (RADOCA) yig‘ilishi va xalqaro forum, shuningdek, Osiyo olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasi o‘tkazilishi haqida ma’lumot berilgan.

Prezident lavozimiga saylov

Osiyo olimpiya kengashi 1982 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Osiyo qit’asida olimpiya harakatini muvofiqlashtiradi va 45 mamlakat milliy olimpiya qo‘mitasi unga a’zo hisoblanadi. Bosh assambleya doirasida Osiyo olimpiya harakatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda kengash prezidenti lavozimiga saylov o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tadbirlarda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Osiyo olimpiya kengashi, WADA, xalqaro sport federatsiyalari rahbarlari hamda boshqa nufuzli sport tashkilotlari vakillari ishtirok etishi, jami 360 nafardan ortiq xorijiy mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda.

Har bir tumanda kurash sporti

Shuningdek, joriy yildan boshlab Prezident kubogi, “O‘zbekiston botirlari” turniri, Bosh prokuror kubogi, harbiy xizmatchilar o‘rtasida kurash sport musobaqalari doimiy o‘tkazib boriladi. 2026 yilda hududlarda qurilayotgan maktablarda milliy kurash bilan birga yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha sportchilarni tayyorlash boshlanadi. Yil yakuniga qadar har bir tuman va shaharda kamida bittadan maktabda kurash sporti klublari ochiladi.

Teglar

Mavzuga oid