
Prezident UNESCO Bosh direktorini orden bilan mukofotladi
Uchrashuvda tashkilot bilan sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mirziyoyev uchrashuv yakunida UNESCO Bosh direktori Odri Azulega «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. Bu haqda Prezident matuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbat avvalida Odri Azule Shavkat Mirziyoyevni tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi 40 yilda ilk bor UNESCOning Parij shahridagi bosh qarorgohi tashqarisida o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanishicha, UNESCOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi. Shuningdek, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etildi.
O‘zbekistonning tashabbusi bilan UNESCOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi ob’ektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonimga O‘zbekistonning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Slovakiya prezidentlari strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.





