
Prezidentga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlashtirish bo‘yicha axborot berildi
Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani yanada pasaytirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risida axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ichki bozorni to‘yintirish va inflatsiya omillarini jilovlash bo‘yicha izchil ishlar tufayli barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanayotgani, inflyatsiyani pasaytirish va milliy valyutani mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, yillik inflatsiya darajasi o‘tgan yilgi 10,2 foizdan 7,8 foizgacha pasaygan. 2026 yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027 yilda esa 5 foiz doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.
2026 yilda banklar agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytiradi. Yuqori o‘sish sur’atlari va aholi bandligini ta’minlash maqsadida kelgusi yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratiladigan kreditlar hajmi 450 trillion so‘mga yetkaziladi.
Davlat rahbariga mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida axborot berildi. Yil boshidan buyon tadbirkorlik sub’ektlariga 116 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.
Qayd etilishicha, mahallabay ishlash doirasida 89 ming fuqaroning biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularga 1,1 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Yil yakuniga qadar mazkur ko‘rsatkich 100 ming nafarga yetkaziladi.
2026 yilda ham kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka faol jalb etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan. Mikro, kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmini 140 trillion so‘mga yetkazish, yana 100 ming fuqaroning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mo‘ljallangan.
Prezident aholi va biznes uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish, bank tizimiga ishonchni mustahkamlash hamda moliya bozorida sog‘lom raqobatni rivojlantirish bundan buyon ham bank-moliya siyosatining bosh vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga inflyatsiyani jilovlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berildi.





