
Prezidentlarning imzosi: ularga qarab nimalarni aniqlash mumkin?
Markaziy Osiyo yetakchilarining imzolari tarmoqda tarqalib, «kimniki chiroyli», degan hazil bahs boshlandi. Aslida imzoning chiroyli va gajakdor bo‘lishdan tashqari egasining xarakteri haqida guvohlik ham beradi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida «Til va adabiyot ta’limi» metodlogik jurnali bosh muharrir. Farrux Jabborbek Ozarboyjon Respublikasini MO davlatlari Maslahatlashuv kengashi a’zolikka qabul qilish to‘g‘risidagi bayonnoma ostiga qo‘l qo‘ygan davlatlari rahbarlarining imzolarini tahlil qilib chiqdi.

«Bir paytlar grafologiya bilan ham «biroz» shug‘ullanganman. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlarining imzolariga qarab eski bilimlarimni sinab ko‘rdim», — deb yozgan u.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev imzosi aniq, tushunarli va tekis. O‘ziga ishonchi yaxshi, muvozanatdan chiqarish qiyin, o‘ynayotgan rolini bir maromda saqlashga intiladi. O‘rtacha bosib yozilishi esa ehtiyotkorlik va vaziyatga moslashuvchanlikni ifodalaydi. Qozog‘iston prezidentini tartibli, nazoratli boshqaruv uslubiga ega, hissiy jihatdan barqaror va o‘ziga ishonchi me’yorida shaxs deyish mumkin.

Sadir Japarov imzosi juda zich va bosim bilan yozilgan, bosh harfi aniq ajralib turibdi. Qo‘ltamg‘a kuchli iroda va kuchli qat’iyatdan, hassoslik va hissiy o‘zgaruvchanlikdan so‘zlamoqda. Yirik va noaniq chiziqlar tez fikrlash va tafsilotlarga kam e’tibor berish belgisi deya talqin qilinadi. Qirg‘iziston prezidenti boshqaruvda yuqori sur’atni va jadal uslubni ma’qul ko‘radi, bunday yondashuv esa ba’zan keskin qarorlarga sabab bo‘lishi ham bor.

Imomali Rahmon imzosi aniq emasligi, murakkabligi va aylanma gajakli shakllari bilan xarakterlanadi. Qalamni bosib yozilgani seziladi. Qo‘ltamg‘a hassoslik, qat’iyat, sobit iroda, ijodkorlik xislarlariga ishora qilmoqda. Grafologik tahlillarga ishonsak, Tojikiston prezidenti hissiyotlari kuchli, ijodkorlikka moyil, tezkor qaror qabul qiladigan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.

Sardor Berdimuhamedov imzosi erkin chiziqlarga ega, lekin oson o‘qib bo‘lmaydi. Markazdagi g‘ujanak shakllar e’tiborni tortadi. Qo‘ltamg‘aning yoyiqligi, grafologiya bo‘yicha, egasining ekstravertlikka moyilligini bildiradi. Turkmaniston prezidenti tez fikrlovchi va tafsilotlarga kam e’tiborli, faoliyatda ijodiy yondashuv va mustaqil harakatni afzal ko‘radi, deyish mumkin. Imzoda egasining ba’zan tavakkal va keskin qarorlar qabul qilish ehtimoliga ishoralar bor.

Shavkat Mirziyoyev imzosi tartibli va tushunarli, aniq o‘qiladi. Uzun va tik shakllari tobora yuqorilab boradi. Maqsad sari intilishda izchil, munosabatda ochiq va o‘ziga ishongan shaxsligi seziladi. O‘zini oldingi o‘ringa qo‘yavermaydi, orqada yurib ham safni boshqarish mumkin deb hisoblaydi. Silliq, tekis qo‘ltamg‘a muvozanatlilik va barqarorlik belgisi deb qaraladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshqaruvda aniq, tizimli va qat’iy uslubni ma’qullaydi, hissiy jihatdan barqaror va yuqori darajada ishonchli shaxs sifatida taassurot uyg‘otadi.

«Markaziy Osiyo yetakchilarining imzolarini birinchi ko‘rganimda hech birida salbiy ma’nodagi ambitsiozlik, «o‘zim bo‘lay»chilik kayfiyati yaqqol sezilmasligiga e’tibor qildim. Bu, menimcha, mintaqa birdamligi uchun muhim omillardan biri sanaladi», — deya xulosa qiladi muallif.
Farrux Jabborbek o‘z posti yakunida grafologiya zamonaviy ilmiy standartlarda ishonchli uslub, deya tan olinmasligini ham qo‘shimcha qilgan.





