
«Project Qatar 2025» ko‘rgazmasida «Made in Uzbekistan» mahsulotlari taqdim etilmoqda
27.05.2025 | 13:459082
Doha shahridagi «Project Qatar 2025» xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Qatar rasmiylari milliy stendni yuqori baholadi.

Qatar poytaxti Doha shahrida qurilish va infratuzilma sohasidagi yirik xalqaro tadbir — «Project Qatar 2025» ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari «O‘zeltexsanoat» uyushmasi rahbarligida «Made in Uzbekistan» brendi ostida ishtirok etmoqda.
«Project Qatar» — har yili o‘tkaziladigan va dunyo bo‘ylab yuzlab kompaniyalarni birlashtiradigan yetakchi ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, qurilish va infratuzilma sohalaridagi innovatsiyalarni targ‘ib qilish maydoni sifatida e’tirof etiladi.
Milliy stend doirasida o‘z mahsulotlari va ishlab chiqarish salohiyatini namoyish etgan o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar Qatar hukumati rasmiylari tomonidan yuqori baholandi.
Ko‘rgazma doirasida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik uchrashuvlari, savdo muzokaralari va eksport shartnomalarini imzolash rejalashtirilmoqda. Bu esa O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlarini yangi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi.





