add

Pulli yo‘llardan kimlar bepul foydalanishi mumkin?

23.09.2025 | 14:4541163

O‘zbekistonda «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilinib, pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etishga huquqiy asos yaratilmoqda. Hujjatga ko‘ra, pulli yo‘llar faqat muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lgan taqdirdagina qurilishi mumkin.

Pulli yo‘llardan kimlar bepul foydalanishi mumkin?
Qonun loyihasida belgilanishicha, to‘lov miqdori aholi va iqtisodiyot ehtiyojlari inobatga olingan holda belgilanadi. Yo‘ldan foydalanish to‘lovi iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan darajada bo‘lishi shart. Muhim jihatlardan biri — ichki ishlar, tez yordam, yong‘in xavfsizligi kabi maxsus xizmat mashinalari pulli yo‘llardan bepul foydalanishi mumkin. Bu qaror aholi xavfsizligi va shoshilinch xizmatlar samaradorligini ta’minlash maqsadida kiritilgan. Hujjatda yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish, loyihalash jarayonida aholi fikri hamda atrof-muhitga ta’sirni hisobga olish belgilanmoqda. Shuningdek, piyodalar uchun qulay muhit yaratish talablari ham kiritilgan. Qonun kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplashni majburiy qiladi. Shundan tashqari, og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishiga chegara qo‘yiladi, yo‘l bo‘yi xizmat ob’ektlarini joylashtirish tartibi belgilab qo‘yiladi. Parlament quyi palatasida moddama-modda muhokama qilingan qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi. U amalga kirishi bilan mavjud yo‘llar sifatini saqlash, pulli yo‘llardan foydalanish tartibini belgilash va sohada xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda. Toshkent—Samarqand va Toshkent—Andijon pulli yo‘llari qurilishi 2026 yilga qoldirilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid