
Putin «Burevestnik» bilan maqtangach, Tramp yadroviy qurol sinovlarini boshlashni buyurdi
Donald Tramp Vladimir Putinning «Burevestnik» va «Poseydon» haqidagi bayonotlaridan so‘ng Pentagonga yadroviy qurol sinovlarini «zudlik bilan boshlash» haqida topshiriq berdi. AQSHda bunday sinovlar oxirgi bor 1992 yilda o‘tkazilgan edi.

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat mudofaa vazirligiga yadroviy qurol sinovlarini «darhol boshlash» haqida topshiriq berdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Prezidentning ta’kidlashicha, AQSH hozirda dunyodagi eng yirik yadroviy arsenalga ega va bu ustunlik uning ilk prezidentlik muddatida amalga oshirilgan modernizatsiya natijasidir.
«Juda katta vayronagarchilik salohiyati tufayli bunday qilishni qilishni xohlamagan bo‘lardim, lekin menda boshqa yo‘l qolmadi! Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa uchinchi, ammo besh yil ichida ular tenglasha oladi», — dedi Tramp.
Prezident bu bayonotni Xitoy rahbari Si Jinping bilan Janubiy Koreyadagi uchrashuvidan oldin e’lon qildi. Jurnalistlarning «nega aynan hozir sinovlar boshlanadi?» degan savoliga Tramp javob berishdan bosh tortdi.
Reuters agentligi eslatishicha, AQSH yadroviy qurol sinovini so‘nggi bor 1992 yilda o‘tkazgan. Bu sinovlar yangi qurollar salohiyati va mavjud arsenalning ishlash qobiliyatini baholash imkonini beradi.
26 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadroviy dvigatelli «Burevestnik» qanotli raketa sinovlari yakunlanganini ma’lum qildi va uni «bunaqasi hech kimda yo‘q, noyob qurol» deb atadi. Bu bayonotga javoban Tramp Putinning gapini «o‘rinsiz» deb baholab, unga «urashni emas, urushni tugatishni o‘ylash kerak»ligini aytdi. U shuningdek, Rossiya sohillariga yo‘naltirilgan Amerika yadroviy suv osti kemasi haqida ham eslab o‘tdi.
Shundan so‘ng Putin yadroviy torpeda «Poseydon» sinovi haqida gapirib, uning dunyodagi har qanday quroldan ustunligini ta’kidladi. «Poseydon tezligi va chuqurlik bo‘yicha tengsiz. Uning quvvati «Sarmat» raketasidan ham yuqori, uni tutib olish usuli mavjud emas», — dedi Putin.
Rossiya propagandasi «Poseydon»ni ilgari «Qiyomat quroli» deb ataydi, uning yordamida AQSHning qirg‘oqdagi shaharlarini radioaktiv sunami bilan yo‘q qilish mumkinligi haqida xabar bergan edi.





