
Putin daromad deklaratsiyalarini e’lon qilishga nuqta qo‘ydi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zini, deputatlar va mansabdorlarni yillik daromad deklaratsiyasini topshirish majburiyatidan ozod qiluvchi qonunlarni imzoladi.

Vladimir Putin 28-dekabr kuni imzolangan qonunlarga muvofiq, 2026 yildan boshlab Rossiyada mansabdor shaxslar uchun yillik daromad va mulk deklaratsiyasini topshirish amaliyoti bekor qilinadi, deb yozmoqda The Moscow Times. Yangi tartibga ko‘ra, deklaratsiya faqat davlat xizmatiga birinchi marta kirishda, yangi lavozimga tayinlanganda, boshqa organga o‘tkazilganda yoki federal kadrlar zaxirasiga kiritilganda talab etiladi.
Shuningdek, agar amaldor yoki deputat uch yillik oilaviy daromadidan ortiq qiymatdagi bitimni amalga oshirsa, u holda ham daromadlar haqida hisobot taqdim etishi shart bo‘ladi. Bu qatoriga kvartira, aksiyalar yoki kriptovalyuta xaridi kiradi. Saylovlarda ishtirok etishni rejalashtirayotgan amaldorlar uchun ham deklaratsiya topshirish talabi saqlab qolingan.
Qonunlar bilan daromad deklaratsiyalarini internetda ochiq e’lon qilish majburiyati ham butunlay bekor qilindi. Bu talab 2022 yilda vaqtinchalik to‘xtatilgan edi, ammo o‘shanda u Ukrainadagi urush davri bilan cheklanishi aytilgan. Endi esa ochiq e’lon qilish mexanizmi qonunchilikdan chiqarib tashlandi.
Davlat Dumasidagi xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi rahbari Vasiliy Piskarev yillik deklaratsiya tizimini «arxaik» deb atab, uni bekor qilish korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishini ta’kidladi. Uning partiyadoshi Dmitriy Vyatkin esa amaldorlarni «jamoatchilikni xursand qilish uchun» hisobot berishga majbur qilish noto‘g‘ri ekanini aytgan.
Endi mansabdorlar moliyaviy holatini nazorat qilish jamoatchilik uchun yopiq bo‘lgan «Poseydon» davlat tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga banklar va davlat organlari tomonidan daromadlar, xarajatlar va mulk haqida ma’lumotlar uzatiladi. Unga faqat Federal qo‘riqlash xizmati hamda prezident administratsiyasi kirish huquqiga ega bo‘ladi. Qo‘shimcha ravishda, Putinga ayrim amaldorlarni korrupsiyaga qarshi cheklovlarsiz tayinlash imkonini beruvchi qonun ham imzolandi.





