
Putin eng qisqa yangi yil murojaatida «SVO» qatnashchilarini qo‘llab-quvvatladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi yil murojaatida urush qatnashchilarini qo‘llab-quvvatlab, g‘alabaga ishonch bildirdi va xalq birligi davlat xavfsizligini belgilashini ta’kidladi.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga an’anaviy yangi yil murojaati bilan chiqish qildi. U o‘z nutqida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etayotgan harbiylarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, «millionlab odamlar ular haqida o‘ylayotgani, hamdard ekani va umid qilayotgani»ni bildirdi.
Putin urush qatnashchilarini yangi yil bilan tabriklab, ularga ishonishini va g‘alabaga ishonch borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat aholisi Rossiyaga bo‘lgan sadoqat va birdamlikda birlashgan.
Prezident yangi yil arafasida odamlar vaqt o‘tishi va kelajak haqida o‘ylashini ta’kidladi. U kelajak har bir fuqaroning o‘ziga bog‘liq ekanini aytib, rossiyaliklar o‘z kuchiga, yaqinlariga tayanayotganini qayd etdi. Ushbu o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ishonch va rejalar amalga oshishiga zamin yaratishini bildirdi.
Putin har bir insonning rejalari mamlakat taqdiri bilan bog‘liq ekanini ta’kidlab, har kim o‘z mehnati va yutuqlari bilan Rossiya tarixining yangi sahifalarini yaratayotganini aytdi. Uning fikricha, xalq birligi davlat suvereniteti, xavfsizligi va rivojlanishining asosiy omili hisoblanadi.
Murojaat yakunida prezident rossiyaliklarga sog‘liq, baxt va muhabbat tiladi.
Yangi yil tabrigi atigi 3 daqiqa 21 soniya davom etdi va Ukrainadagi urush boshlanganidan beri eng qisqa murojaat bo‘ldi. Avvalgi yillarda murojaatlar ancha uzoq davom etgan edi.




