
Putin: Mehnat migrantlariga rus tili va madaniyatini o‘rgatishga oid keng qamrovli reja ishlab chiqilmoqda
19.06.2025 | 13:5012103
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki davlat mehnat migratsiyasi bo‘yicha uzviy hamkorlikka kelishganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyada ishlashni istovchi o‘zbekistonlik fuqarolarni oldindan tayyorlash bo‘yicha umumiy reja ishlab chiqilgan.
TASS agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro axborot agentliklari rahbarlari uchrashuvida so‘zga chiqqan Putin O‘zbekistonda aholi soni keskin ortib borayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har yili O‘zbekiston aholisi taxminan 1 million kishiga ko‘payotgani mehnat bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Prezident Putin Rossiya mehnat bozoridagi ehtiyojni hisobga olgan holda, mehnat migrantlarini tayyorlash, xususan, rus tili va madaniyatini o‘rgatishga oid keng qamrovli reja ishlab chiqilayotganini bildirdi. U mazkur jarayonda ikki davlatning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, Rossiya rahbari yoshlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash muhim ekanini ta’kidlab o‘tdi. Unga ko‘ra, yaqinda Saida Mirziyoyeva Moskvada bo‘lib, Rossiya hukumati va Prezident administratsiyasi vakillari bilan ushbu masalalar yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazgan. Saida Shavkatovna O‘zbekiston prezidentining topshirig‘iga binoan yoshlar siyosati yo‘nalishini faol rivojlantirmoqda.
Putinning fikricha, yoshlar siyosati ikki davlat munosabatlarining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Rossiya bu boradagi aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashga va hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.





