
Putin migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda
19.09.2025 | 08:4048254
Rossiyada mehnat migrantlariga patent asosida ishlash huquqini beruvchi tizimni bekor qilish taklif etildi. RF prezidenti bu masala bo‘yicha fikr yuritishini bildirdi.

18 sentyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin parlament fraksiyalari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda «Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun» partiyasi rahbari Sergey Mironov patent tizimini bekor qilishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish beruvchilar faqat kerakli ishchi quvvatini olib kelishi va ular oila a’zolarini Rossiyaga olib kelmasligi kerak.
«Patent tizimini bekor qilish kerak. Ishchi qo‘l kerak bo‘lsa, kelsin, ishlasin, keyin ketsin», — dedi Mironov.
Putin bu taklifga javoban masalani muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi:
«Patent tizimi keng qo‘llanilyapti. Men hech narsani istisno qilmayman. Bu masala bo‘yicha hamkasblar bilan birgalikda ish olib boring», — dedi u.Hozirgi tizimga ko‘ra, O‘zbekiston, Tojikiston va Ozarboyjon kabi vizasiz davlatlardan kelgan migrantlar Rossiyada ishlash uchun patent olishi kerak. U 1 oydan 1 yilgacha amal qiladi va faqat muayyan hudud va sohalarda ishlashga ruxsat beradi. 2024 yilda migrantlarga berilgan patentlar soni 2 mln.tani tashkil etdi. Mironov shuningdek, Rossiya qonunlarini buzgan migrantlar va ularning oilalarini butunlay deportatsiya qilishni taklif etdi. «Jinoyat qilgan migrantga javobgarlikni yuklagan holda, uning oilasi ham mamlakatdan chiqarilishi kerak», — dedi u. Yangi siyosat «keldi—ishladi—ketdi» tamoyiliga asoslanishi kutilmoqda. Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovning ta’kidlashicha, Rossiyada migrantlarning oilaviy ro‘yxatdan o‘tish va maktabgacha ta’limdan foydalanishi kerak emas. Uning so‘zlarini LDPR rahbari Leonid Slutskiy ham qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi tobora kuchaymoqda. 2025 yil iyuli holatiga ko‘ra, ishsizlik darajasi 2,2 foizni tashkil etib, tarixiy eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. RF Sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat sohasida 1,9 mln ishchi yetishmaydi.





