
Putin Mirziyoyev bilan yopiq eshiklar ortida uchrashdi
28.06.2025 | 09:3033293
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Minskdagi YeOII sammiti doirasida matbuotga yopiq uchrashuv o‘tkazdi.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Birlashgan Arab Amirliklari valiahd shahzodasi, Abu-Dabi Ijroiya kengashi raisi Xolid bin Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
«Hozirgina O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvimiz yakunlandi — u matbuotsiz, ishchi tarzda o‘tdi va biz joriy ishlarimiz, yaqin kelajakdagi rejalarimiz haqida suhbatlashdik. Ikkinchi uchrashuv BAA valiahd shahzodasi bilan bo‘ldi, u bilan ham ikki tomonlama munosabatlarimiz to‘g‘risida fikr almashgandik. Tabiiy ravishda, har ikkala uchrashuvda ham Ukraina yo‘nalishidagi vaziyat va Yaqin Sharqdagi ahvol muhokama qilindi», - dedi Putin jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Rossiya yetakchisining ta’kidlashicha, u O‘zbekiston prezidenti bilan boshqa masalalar qatorida ehtimoliy yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha fikrlarni muvofiqlashtirish imkoniga ega bo‘lgan.
«Mening fikrimcha ham, Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fikricha ham, bularning barchasi amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalardir. Gap energetika, jumladan, atom energetikasi sohalari, infratuzilma loyihalari, metallurgiya sanoati haqida bormoqda. Umuman olganda, bu yerda shunday jiddiy masalalar borki, ular hukumatlarimiz tomonidan ancha vaqtdan beri muhokama qilinib kelinmoqda va biz ularni amalga oshirishga asta-sekin yaqinlashmoqdamiz», -degan Putin.





