
Putin neft narxi pasayishidan jiddiy xavotirda
08.06.2025 | 10:0035593
Yil boshidan beri Brent nefti narxi 12 foizga tushdi, bu esa Rossiya hukumatida xavotir uyg‘otdi. Xususan, ular 2025 yil ikkinchi yarmida neft bozorida taklifning ortib ketishi natijasida narxlar yanada pasayishidan qo‘rqmoqda.

Bu haqda OPEC+ ichki muzokaralari bilan tanish manba Reuters agentligiga ma’lum qilgan.
Iyun oyi boshidagi yig‘ilishda OPEC+ a’zolari neft qazib chiqarish hajmini 411 ming barrelga oshirishga kelishib oldi. Aprel va may oylaridagi qarorlar bilan birgalikda umumiy oshirilgan hajm kunlik 1,2 mln barrelga yetdi. Yil oxirigacha bozorga qo‘shimcha 2,2 mln barrel neft chiqarish rejalashtirilmoqda — bu so‘nggi 5 yildagi eng katta ko‘rsatkichdir.
Rossiya esa yig‘ilishda bunday oshirishga qarshi chiqdi. Bloomberg va Reuters manbalariga ko‘ra, ushbu qarorni Saudiya Arabistoni olg‘a surdi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Saudiya tomonga neft narxlarini tushirish yuzasidan murojaat qilgan.
Yangi OPEC+ kvotalariga muvofiq, Rossiya kuniga 262 ming barrelgacha eksport hajmini oshirish huquqini oldi. Biroq mahalliy neft kompaniyalari bunday imkoniyatdan foydalanishga oshiqmayapti — chunki narxlarning yana pasayishidan xavfsiramoqda.
2025 yil boshidan buyon Brent navli nefti 12 foiz arzonlashgan bo‘lsa, Rossiyaning Urals navli nefti 21 foizga — yanvar oyidagi barreliga 66 dollarlik narxdan mayda 52 dollargacha tushdi. Bu esa mamlakat byudjetiga kuchli zarba berdi: yanvar–aprel oylarida neft-gaz daromadlari 12 foizga qisqargan bo‘lsa, may oyiga kelib ushbu pasayish 34 foizga yetdi.





