
Putin nodo‘stona davlatlar messenjerlarini bloklamoqchi, Telegram mustasno
18.07.2025 | 08:2017263
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga nodo‘stona davlatlar dasturlari va messenjerlariga qo‘shimcha cheklovlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlashni buyurdi. Bu orqali G‘arb kompaniyalariga nisbatan aks choralar ko‘rish rejalashtirilmoqda.

Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga 1 sentyabrgacha nodo‘stona davlatlar ishlab chiqqan dasturlar va messenjerlarga nisbatan yangi cheklovlar bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirdi. Ushbu qaror 26 may kuni mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv natijasida qabul qilingan edi.
Uchrashuvda Putin G‘arb kompaniyalari Rossiyadan ketishini e’lon qilib, amalda hanuz foyda ko‘rayotganini tanqid ostiga olgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kompaniyalarga qarshi Rossiya ham aks javob choralari ko‘rishi lozim. «Bizni bosim ostiga qo‘yishmoqda, ularni ham biz bosimga olishimiz kerak», — degandi Putin.
Prezident shuningdek, Rossiya aholisini G‘arb dasturlariga bo‘lgan bog‘liqlikdan xalos qilish, milliy raqamli yechimlarga o‘tish uchun sharoit yaratish zarurligini qayd etgan.
Telegram messenjeri bilan bog‘liq holat esa alohida ta’kidlanmoqda. Avval AQSH va Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, 2017 yildan buyon uning bosh ofisi Birlashgan Arab Amirliklarida — Dubayda joylashgan. Telegram Messenger LLP nomi ostidagi kompaniya 2019 yili Londonda rasman tugatilgan. Shu boisdan Telegram Rossiyada taqiqlanishi ehtimoli juda past hisoblanadi.
Avvalroq Telegram Rossiyada rasmiy ofis ochish jarayonini boshlagani haqida ma’lumotlar tarqalgandi. «Kommersant’» va TASS xabariga ko‘ra, bu ma’lumot Roskomnadzor manbasidan olingan. Biroq Roskomnadzor bunday ma’lumot yo‘qligini bildirdi.





