
Putin Rossiya Eronni qanday qo‘llab-quvvatlayotgani haqida so‘zladi
21.06.2025 | 09:3022894
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida nutq so‘zlagan Vladimir Putin Rossiyaning Erondagi faoliyati, xalqaro munosabatlardagi o‘rni va ishonchsiz ittifoqchi degan tanqidlarga munosabat bildirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvani ishonchsiz ittifoqchi deb ataydigan odamlarni «provokatorlar» deb atadi. Bu haqda u Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ma’lum qildi.
«Rossiyaning ishonchli ittifoqchi emasligini ta’kidlovchi bunday fikrlarni tarqatayotganlar provokatorlardir. Ular vaziyatni keskinlashtirmoqda. Ammo bu ularga foyda keltirmaydi. Ular o‘z maqsadlariga erisha olmaydilar», dedi Putin boshlovchining «Rossiya Eronni himoya qilmagani uchun ishonchsiz ittifoqchi deb aytayotganlarga nima deb javob berardingiz?» degan savoliga.
Putin dunyoda sodir bo‘layotgan barcha mojarolar bir-biridan tubdan farq qilishini ta’kidladi.
RF Prezidenti, Eron atrofidagi vaziyatning murakkabligiga qaramay, Rossiya Bushahrdagi yadro reaktori bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini ta’kidladi.
«Biz Eron atrofidagi vaziyatning butun murakkabligiga qaramay, Eronda, Bushahrda atom reaktorini qurdik. Yana ikkita atom reaktorini qurish uchun shartnoma imzoladik va biz vaziyatning barcha murakkabliklariga, ma’lum darajadagi xavf-xatarga qaramay, bu ishni davom ettiryapmiz», — dedi u.
Putinning ta’kidlashicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu «Bushahr» atom elektr stansiyasidagi Rossiya xodimlarining xavfsizligini ta’minlash zarurligiga rozi bo‘lgan, AQSH prezidenti Donald Tramp esa bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan.
«Biz Isroil bilan munosabatlarimizning ma’lum darajasiga va AQSH bilan tiklanayotgan aloqalarimizga tayanib, ham Isroil, ham prezident Tramp oldiga Bushahr atom elektr stansiyasidagi Rossiya xodimlarining xavfsizligi masalasini qo‘ydik. Biz u yerda, Eronda o‘z vazifalarimizni Eronning tinch atom energiyasiga bo‘lgan huquqini tan olgan holda va butunlay xalqaro me’yorlar doirasida bajarayotganimizni tushuntirib, xodimlarimiz xavfsizligini ta’minlashni so‘radik», - dedi Putin.





