
Putin shaharda bo‘lib turgan paytda Sochiga dronlar hujum qildi
04.10.2025 | 08:2611415
Ukraina dronlari Putinning «Valday» klubidagi nutqidan so‘ng Sochi shahriga hujum qilgani xabar qilinmoqda.

2 oktyabr kuni kechqurun Ukraina dronlari Rossiyaning Sochi shahriga hujum qildi. Hujumlar Vladimir Putin «Valday» muloqot klubidagi nutqini yakunlab, shaharda bo‘lgan paytda sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Moscow Times.
Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 22:30 Sochi va Gelenjik aeroportlari yopilgan. Yarim soatdan so‘ng Sochi shahri meri Andrey Proshunin shaharga pilotsiz parvoz qurilmalari hujumi xavfi borligini e’lon qildi. Mahalliy aholi Shot’ga Qora dengiz ustida havo hujumidan himoya tizimlarining o‘t ochgani va sirena ovozi fonida portlashlar bo‘lganini xabar qildi. Shuningdek, Sirius federal hududi rahbari Dmitriy Plishkin ham ushbu hududga uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi xavfi borligini ma’lum qildi.
«Barcha kuch va vositalar hujumni qaytarishga tayyor. Iltimos, xotirjamlikni saqlang, derazalardan uzoqlashing va xavfsiz joyga yashirining», — deb yozgan amaldor o‘zining Telegram-kanalida.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2 oktyabr soat 21:30 dan 3 oktyabr soat 07:00 gacha havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash kuchlari Qora dengiz ustida 11 ta Ukraina dronini va Qrimda yana 4 ta nishonni yo‘q qilgan. Ukraina Qurolli Kuchlari dronlari hujumi boshlanganidan taxminan 30-40 daqiqa o‘tgach, Sirius va Sochidagi dronlar xavfi bartaraf etildi. Biroq, Sochi va Gelenjik aeroportlaridagi cheklovlar yetti soat davom etdi.
Rosaviatsiya xabar berishicha, cheklovlar amal qilgan davrda Sochiga parvoz qilayotgan 10 ta samolyot zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan. Jumladan, Moskvadan Sochiga kelayotgan laynerlardan biri Grozniyga qo‘ndirilgan. Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni ertalabga kelib Sochi aeroportida 40 dan ortiq reys kechiktirilgan: uulardan 24 tasi uchish va 20 ga yaqini qo‘nish reyslari edi. ATOR ta’kidlashicha, joriy etilgan «Kovyor» rejasi parvozlarning sezilarli darajada kechikishiga sabab bo‘lgan.
Payshanba kuni Putin Sochidagi «Valday» muloqot klubining yalpi majlisida nutq so‘zlagan edi. Uning nutqi va savol-javob qismi deyarli to‘rt soat davom etib, taxminan soat 22:00 da yakunlangan.
Bundan bir oy oldin, 9 sentyabrga o‘tar kechasi, Ukraina dronlari Sochidagi «Bocharov ruchey» prezident qarorgohi yaqinidagi hududga hujum qilgan edi. Bu zarba Rossiya Federatsiyasi Ukraina hududini keng miqyosda bombardimon qilganidan so‘ng, natijada Kiyev markazidagi Ukraina Vazirlar Mahkamasi binosi shikastlanganidan keyin sodir bo‘lgan edi. O‘shanda Kreml vakili Dmitriy Peskov Ukraina Qurolli Kuchlari dronlari hujumi Putinning ish jadvaliga ta’sir ko‘rsatmaganini ma’lum qilgan edi.





