
Putin: «SSSRning so‘nggi yillaridagi tajribasi asosida iqtisodiyotni rivojlantirish kerak»
21.06.2025 | 10:2046103
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Peterburg iqtisodiy forumida so‘zlab, harbiy sanoat korxonalarini fuqarolik mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtirishni taklif etdi. Uning ta’kidlashicha, bu 1980-yillar oxiridagi SSSR siyosatiga o‘xshash yondashuv bo‘ladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida harbiy sanoatni fuqarolik ehtiyojlariga moslashtirish zarurligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda yaxshi sur’atda ishlab chiqarishni amalga oshirayotgan mudofaa sanoati endi qo‘sh maqsadlarda — ham harbiy, ham fuqarolik ehtiyojlari uchun ishlashi kerak.
Putin bu haqda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida so‘zga chiqar ekan, «harbiy-sanoat majmuasi bilan fuqarolik sektori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash»ni va «ikkilamchi maqsaddagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish»ni taklif etdi. U bunday mahsulotlar qatoriga dengiz texnikasi, aviatsiya, elektron sanoat, tibbiyot uskunalari va qishloq xo‘jaligi sohasidagi texnologiyalarni kiritdi.
Prezident ta’kidlashicha, VPK hozirda yangi turdagi qurol-yarog‘ va texnika ishlab chiqarishda faollik ko‘rsatmoqda. Ammo u bu faoliyatni faqat harbiy maqsadlarda cheklab qo‘ymaslik, fuqarolik segmentida ham ishtirokini kengaytirish lozimligini uqtirdi.
Bu yondashuv sovet ittifoqi so‘nggi yillarida amalga oshirilgan iqtisodiy konversiya siyosatini eslatadi. 1980-yillar oxirida neft narxlarining pasayishi va valyutaning yetishmasligi tufayli SSSR harbiy zavodlarda iste’mol tovarlari — mebel, idish-tovoq, maishiy texnika kabi mahsulotlar ishlab chiqara boshlagan.
Masalan, Novosibirskdagi aviatsiya zavodi alyuminiy kastryullar, Krasnoyarsk yaqinidagi zavod esa mashhur «sog‘lomlik disklari»ni ishlab chiqargan. Bu choralar oddiy iste’mol mahsulotlarini chetdan import qilishning imkoni bo‘lmagan vaziyatda ichki bozorni ta’minlashga qaratilgan edi.





