
Putin Ukrainada to‘liq tinchlikka emas, muvaqqat otashkesimga tayyor — The Washington Post
11.08.2025 | 08:4042034
The Washington Post nashri ma’lumotiga ko‘ra, Vladimir Putin Ukrainadagi urushni faqat muvaqqat otashkesim orqali to‘xtatmoqchi, lekin hech qanday hududiy yon berishga rozi emas.

The Washington Post manbalariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Zaporijjya va Xerson oblastlarida ishg‘ol qilingan hududlarni Ukrainaga qaytarish niyatida emas. Uning taklifida to‘liq tinchlik shartnomasi emas, faqat o‘t ochishni vaqtinchalik to‘xtatish nazarda tutilgan. Kreml shu yo‘l bilan Qrimga olib boruvchi quruqlik yo‘lini saqlab qolishni maqsad qilgan.
8 avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi mojaroni yakunlash jarayonida «hududiy almashinuv» masalasi muhokama etilayotganini aytgan edi. Biroq manbalar Putinning bu taklifi Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan chiqarishga qaratilganini, lekin Zaporijjya va Xersondan Rossiyaning chiqishi nazarda tutilmaganini ta’kidlagan. Bu masalada AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingani qayd etilgan.
Kremlda ishlagan sobiq yuqori lavozimli manbaning ta’kidlashicha, Putin siyosiy jihatdan Ukraina to‘liq mahv etilgunga qadar urushni davom ettirishni afzal ko‘radi. Shu bois u doimiy tinchlikka emas, vaqtinchalik o‘t ochishga qiziqish bildirmoqda. Bunday kelishuv, Putinning fikricha, Ukrainada saylovlar o‘tkazish imkonini yaratadi, u esa prezident Volodimir Zelenskiyni «noqonuniy» deb hisoblaydi.
Zelenskiy 9 avgust kuni yana bir bor hech qanday hududiy yo‘qotishga asoslangan kelishuvga rozi bo‘lmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina xalqi o‘z yerlarini bosqinchiga berish uchun emas, ularni himoya qilish uchun kurashmoqda.
Bloomberg va The Wall Street Journal manbalari Putin Donbass va Qrim bo‘yicha talablarini saqlab qolishini, ammo Sumi, Xarkiv va Dnipropetrovsk oblastlaridagi da’volardan voz kechishi mumkinligini xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, Putin va Tramp 15 avgust kuni Alyaskada uchrashishi kutilmoqda.





