add

Putin Ukrainada yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Bloomberg

04.09.2025 | 17:4515264

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pokrovsk yo‘nalishida katta hujum tayyorlamoqda. Ukraina va Yevropa hukumatlari bundan jiddiy xavotir bildirmoqda.

Putin Ukrainada yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Bloomberg
Bloomberg manbasiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni cho‘zgan holda Ukrainada yangi front hujumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yevropa davlatlari va Kiyev manbalari ehtimoliy hujum Pokrovsk yo‘nalishida bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Germaniya va Fransiya rasmiylari o‘tgan hafta Rossiya qo‘shinlarining Pokrovsk atrofida jamlanishini muhokama qilgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa juma kuni Pokrovsk tomonga 100 ming rus askari yo‘llanganini ma’lum qildi. Pokrovsk — Donetsk oblastidagi strategik yo‘l tugini bo‘lib, Ukraina armiyasining ta’minoti shu manzil orqali amalga oshiriladi. Shahar qulasa, Slovyansk va Kramatorskka yo‘l ochilishi mumkin. Rossiya armiyasi bir yildirki, Pokrovskni egallay olmayotgandi, bu yil esa uni ishg‘ol qilishga urina boshlagan. Avgust oyi o‘rtasida Rossiya qo‘shinlari Pokrovsk shimolida Ukraina mudofaa chizig‘ini buzib, Dobropillya yaqinida 10 km ilgariladi. Ammo Ukraina armiyasi bu hujumni qayta to‘xtatdi. May—avgust oylarida Rossiya Ukrainaning atigi 0,3 foiz hududni — 2033 km² yerni egallay olgan. G‘arb yetakchilari Rossiya urushni yaqin orada to‘xtatmaydi, degan fikrda. Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlashni «eng muhim xavfsizlik kafolati» deb atadi. YeI rahbari Ursula fon der Lyayen esa: «Ukraina — dushman yutib yuborolmaydigan temir toshbaqa bo‘lishi kerak», dedi. Ayni damda Ukraina armiyasi uchun qurol-yarog‘ xaridlariga Yevropa tomonidan mablag‘ ajratilayapti. Zelenskiy har oyda 1 mlrd dollarlik amerikalik qurollar olinishiga umid qilmoqda. AQSH o‘tgan hafta 825 mln dollarlik va 450 km masofaga yetadigan 3350 ta raketa sotuvini ma’qulladi. Shuningdek, Ukrainada 3000 km masofaga uchuvchi «Flamingo» qanotli raketa va sun’iy intellekt asosida dronlar hujumi uyushtirish texnologiyalari ham ishlab chiqilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Putin Ukrainada yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Bloomberg | Vaqt.uz