
Putin va Tramp suhbatidan so‘ng Kiyevga dron zarbalari berildi
04.07.2025 | 08:154524
Rossiya armiyasi 3 iyul kuni kechqurun Kiyevga «Shahed» kamikadze dronlari orqali hujum uyushtirdi. Bu haqda Kiyev shahar harbiy ma’muriyati va Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlari o‘z Telegram kanallarida ma’lum qildi.

Kiyev harbiy ma’muriyati havodagi nishonlarga qarshi havo mudofaa tizimlari ishga tushganini va fuqarolarni zudlik bilan panohgohlarga o‘tishga chaqirganini ma’lum qildi. Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, dronlar Poltava, Cherkassk, Jitomir, Kirovograd va Dnepropetrovsk oblastlariga ham xavf tug‘dirmoqda. Hozircha qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida xabar berilmagan.
Bu hujum Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Trampning telefon orqali suhbatidan bir necha soat o‘tib ro‘y berdi. RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, suhbatda Putin Rossiya Ukrainadagi urushning «asosiy sabablarini bartaraf etishdan» voz kechmasligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Moskva muzokara yo‘li bilan tinchlikka erishish yo‘llarini qidirishda davom etishini bildirgan. Tramp esa jang harakatlarini tezroq to‘xtatish zarurligini qayd etgan.
Rossiyaning Ukraina shaharlariga hujumlari muntazam ravishda davom etmoqda. 3 iyul kunduzi Rossiya Odessa portiga raketa zarbasi berdi. San-Tome va Prinsipi bayrog‘i ostidagi chet el kemasi metalni tushirayotgan paytda raketa pirsga urildi. Hujumda ikki kishi halok bo‘ldi, olti kishi jarohatlandi.
Britaniyaning Axborot barqarorligi markazi va The Wall Street Journal tahlillariga ko‘ra, 2025 yil boshidan Rossiya Ukraina hududiga 20 mingdan ortiq dron yo‘llagan. Bu fuqarolar qurbonlari sonining taxminan 40 foizga oshishiga sabab bo‘lgan. May oyidan buyon hujumlar keskin kuchaygan. CIR ma’lumotiga ko‘ra, faqat iyun oyida 5429 dron hujumi qayd etilgan. Solishtirish uchun: 2024 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 2315 tani tashkil etgan edi.





