add

Putin yadroviy raketalar zaxirasini oshirishni talab qildi

24.06.2025 | 08:4517554

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat suvereniteti va xavfsizligini ta’minlash maqsadida yadroviy raketa salohiyatini kengaytirishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu NATO va G‘arb tomonidan kelayotgan tahdidlarga nisbatan «adekvat chora»dir.

Putin yadroviy raketalar zaxirasini oshirishni talab qildi
23 iyun kuni harbiy akademiya bitiruvchilari bilan uchrashuvda Vladimir Putin Rossiya armiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi davlat dasturini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, bu jarayonda asosiy e’tibor strategik yadroviy kuchlar — «yadroviy uchlik»ka qaratiladi. Putinga ko‘ra, Raketa qo‘shinlariga yangi avlod «Yars» raketalari yetkazib beriladi, strategik aviatsiya esa Tu-160M raketa tashuvchi samolyotlari bilan yangilanadi. Shuningdek, amaliyotlarda «o‘zini oqlagan» yangi «Oreshnik» ballistik raketalarning seriyaviy ishlab chiqarilishi boshlangani aytildi. Putin Rossiya mudofaa xarajatlari allaqachon federal byudjetning uchdan bir qismini tashkil qilayotganini tan oldi. Ammo u bunday xarajatlar G‘arb va NATOning agressiv siyosati bilan izohlanishi, ya’ni «mingdan oshiq harbiylar, yangi byudjetlar va NATO strategiyalari Rossiyani majburiy ravishda yangi qurollanish bosqichiga olib kelayotgani»ni qayd etdi. SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshigacha Rossiyada 592 ta strategik raketa tashuvchi qurol mavjud bo‘lib, ulardan 333 tasi yerda joylashgan. Jumladan, 206 ta «Yars» kompleksi to‘rttadan 250 kilotonna quvvatga ega bo‘lgan yadroviy kallakdan iborat. Bundan tashqari, 78 ta «Topol-M», 34 ta «Avangard» va 34 ta «Voyevoda» kompleksi ham xizmatda. Rossiyaning dengizdagi yadroviy salohiyati esa 12 ta strategik suvosti kemasidan iborat bo‘lib, ular 192 ta ballistik raketani olib yurish imkoniyatiga ega. Havo kuchlari esa 52 ta Tu-95M va 15 ta Tu-160 samolyotlari bilan to‘ldirilgan. Mavjud «START-III» kelishuviga muvofiq, Rossiya va AQSH 700 ta raketa tashuvchi va 1550 ta jangovar kallakdan oshiq qurolni joylashtira olmaydi. Ammo ushbu shartnoma 2026 yilda o‘z kuchini yo‘qotadi. SIPRI mutaxassislari bu holatni yadroviy qurollarni ko‘paytirish va kelishuvlardan chiqish jarayonining boshlanishi sifatida baholamoqda.

Teglar

Mavzuga oid