
Putin yarador askarlarga urush yaxshi ketayotganini aytib, maqtandi
U «Burevestnik» raketasini xususiyatlariga to‘xtalib, olimlari bilan faxrlanishini qo‘shimcha qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylar tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilgan ikonalar [pravoslav muqaddas rasmlari]ni olib, harbiy shifoxonalardan biriga yaralangan rossiyalik askarlarni ko‘rgani bordi.
Tashrif chog‘ida Putin Ukraina bilan front chizig‘idagi vaziyat «Rossiya foydasiga rivojlanayotganini» ta’kidladi.
Uning aytishicha, Kupyansk va Pokrovsk hududlarida Ukraina qo‘shinlari go‘yoki qamalda va qurshovda qolgan. Putin Rossiya qo‘shinlarining harakatlari «mamlakatning uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini qo‘shimcha qildi».
Shuningdek, Rossiya prezidenti, Rossiya qo‘shinlari frontning barcha qismlarida «olg‘a siljiyotgani va faol harakat qilayotganini, old chiziqdagilarning barchasi esa qahramonlarcha jang qilayotganini» aytdi.
Putin «Burevestnik» raketa majmuasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu majmua noyob yadro qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lib, uning hajmi atom suv osti kemasi reaktori hajmidan ming baravar kichik va uni daqiqalar va soniyalar ichida ishga tushirish mumkin.
Putin, shuningdek, «Burevestnik»da qo‘llanilgan texnologiyalarni «oy dasturida va xalq xo‘jaligida qo‘llash» rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. U yana Rossiya Federatsiyasi kecha «Poseydon» suv osti yadro qurilmasini sinovdan o‘tkazganini qo‘shimcha qildi.
«Burevestnik» mutlaq ustunliklarga ega va vatandosh olimlarimiz bilan faxrlanishga arzigulik», - dedi u.
Putin Rossiya harbiylari jurnalistlarni, shu jumladan xorijiy va ukrainalik jurnalistlarni Ukraina qo‘shinlari qurshovda qolgan hududga kiritishga tayyor ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun, ilgari Rossiya prezidenti «Burevestnik» raketasining «asosiy sinov bosqichlari yakunlanganini» e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «hal qiluvchi sinovlar yakunlandi» biroq «yangi qurolni Rossiya Qurolli Kuchlari jangovar navbatchiligiga qo‘yish uchun hali zarur tartibga solish ishlari amalga oshirilishi kerak». AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu ma’lumotni sharhlar ekan, Putin yadro qurilmali raketa sinovlarini o‘tkazish o‘rniga urushni tugatishi kerakligini ta’kidladi.





