
«Putinning xufiyona pochtasi»: Germaniyadan Rossiyaga sanksion yuklar qanday yetkazilmoqda?
Jurnalistik surishtiruv Germaniyadan Rossiyaga taqiqlangan tovarlar qanday qilib pochta orqali yashirincha chiqib ketayotganini ochib berdi. Unda «O‘zbekiston pochtasi» nomidan ham foydalanilgani ham aytilmoqda.

Germaniyadan Rossiyaga Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qaramay taqiqlangan yuklar yetkazib berilayotgan maxfiy logistika tarmog‘i mavjudligi aniqlandi.
Germaniyaning «BILD» nashri jurnalistlari GPS-mayakchalar yordamida jo‘natmalar harakatini kuzatib, ularning Berlindan Moskvagacha yetib borganini hujjatlashtirgan. Surishtiruvga ko‘ra, yuklar Germaniyada rasman pochta qutisiga ega bo‘lgan, ammo amalda yashirin ombor orqali ishlaydigan kompaniya vositasida jo‘natilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, posilkalar Berlin—Brandenburg aeroporti yaqinidagi omborga to‘planadi, u yerdan esa yuk mashinalari orqali Polsha va Belarus hududi orqali Rossiyaga olib kiriladi. Jurnalistlar yuborgan beshta test jo‘natma, tarkibida sanksiya ostidagi elektron komponentlar bo‘lishiga qaramay, hech qanday to‘siqsiz Moskvaga yetib borgan. Bir jo‘natmani yuborish qiymati ikki kilogrammgacha og‘irlikda 26 yevroni tashkil etgan.
Yuklarni tashkil etishda ilgari Germaniyada «Rossiya pochtasi» ning shu’ba korxonasi bo‘lgan «RusPost GmbH» bilan bog‘liq shaxslar ishtirok etgani aytilmoqda. Jurnalistlar hujjatlar orqali logistika kompaniyasini boshqarayotgan shaxs kompaniyaning sobiq rahbarlaridan biri ekanini aniqlagan.
Yashirin sxema tafsilotlari
Surishtiruvda alohida e’tiborni tortgan jihat — yuklarni jo‘natishda «O‘zbekiston pochtasi»ga tegishli hujjatlardan foydalanilgani bo‘ldi. Holbuki, ushbu tuzilmaning Germaniya hududida rasmiy faoliyat yuritish huquqi yo‘q. Germaniya hukumat organlari ushbu holat bo‘yicha qonun buzilishi ehtimolini tekshirmoqda.
Logistika kompaniyasi esa «BILD» so‘roviga javoban, sanksiyalarni buzish deyarli imkonsiz ekanini, ammo «yolg‘on deklaratsiyalar» xavfidan to‘liq himoya yo‘qligini bildirgan.
Sanksiya mexanizmlaridagi bo‘shliq
Surishtiruv Yevropa sanksiyalarini aylanib o‘tish uchun murakkab va tizimli infratuzilma shakllanganini ko‘rsatmoqda. Yuklarning muntazam ravishda Rossiyaga yetib borishi sanksiya mexanizmlarida jiddiy bo‘shliqlar borligini anglatadi.
Mutaxassislar bunday holatlar Yevropa Ittifoqi nazorat tizimlarini kuchaytirish zaruratini yana bir bor ko‘rsatib bermoqda.





