
Puxta siyosati bilan maqtalgan Mirziyoyev Bokuda ham futbol tabrigini eshitdi
03.07.2025 | 21:302714
Ilhom Aliyev Mirziyoyevni O‘zbekiston terma jamoasining JCHga yo‘llanma olgani bilan tabrikladi va bu yutuq davlat siyosati samarasi ekanini ta’kidladi.

Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda matbuot anjumanidagi chiqishida ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanayotganini ta’kidlagan.
Aliyev 2023 yil Toshkentda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani «ikki davlat munosabatlaridagi eng yuqori darajadagi hujjat» deb atagan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarboyjon xalqaro tashkilotlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda ham amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Aliyev O‘zbekiston terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqqani munosabati bilan Mirziyoyevni tabrikladi. U buni mamlakatda yoshlarga qaratilgan e’tibor va sport sohasidagi tizimli islohotlarning samarasi, deb ta’kidlagan.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, ikki mamlakatning 500 million dollarlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasi doirasida 10 tadan ortiq loyiha bo‘yicha investitsion qarorlar qabul qilinmoqda. Aliyevga ko‘ra, energetika, mehmonxona biznesi, qurilish, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlardagi loyihalar o‘zaro investitsiyalar o‘sishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Aliyev O‘zbekistonni investitsiya kiritish uchun eng jozibali mamlakatlardan biri, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi islohotlar xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Ozarboyjon prezidenti O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si yildan-yilga oshib borayotgani, iqtisodiy salohiyati o‘sib, ijtimoiy hayotdagi ko‘plab masalalar hal etilayotganidan mamnun ekanligini bildirib, bularning barchasi O‘zbekiston prezidenti va rahbariyatining puxta o‘ylangan siyosati natijasi ekanligini aytgan.





