
Qamalgan hokim nomidan hujjatlar imzolangani yuzasidan prokuratura tekshiruv boshladi
22.07.2025 | 12:0040432
Sharof Rashidov tumani hokimi qo‘lga olinganidan so‘ng ham uning nomidan pul ajratish haqida beshta qaror chiqarilgani yuzasidan prokuratura tergovgacha tekshiruv o‘tkazmoqda.
Avvalroq Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida hokim qamalganidan so‘ng ham uning nomidan bir necha qarorlar imzolangani haqida xabar bergan edik. Ma’lumotlar bo‘yicha tuman prokuraturasi tergovgacha tekshiruv boshladi.
Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayevni pora olganlik ayblovi bilan qo‘lga olganini ma’lum qilgan edi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi — «Pora olish» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, mazkur ish doirasida tuman hokimligidagi bosh mutaxassisga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») va 211-moddasi («Pora berish») asosida jinoiy ish ochilgan.
Jizzax viloyati prokuraturasi ushbu ish yuzasidan qonuniy protsessual qaror qabul qilinishi jarayonini nazoratga olgan.





