
Qamchiq dovonida qor va tuman: haydovchilardan ogohlik talab qilinmoqda
Qamchiq dovonida yomg‘ir, qor va tuman sabab ko‘rish masofasi cheklanib, haydovchilardan ehtiyotkorlikni oshirish talab etilmoqda.

Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi A-373 avtomobili yo‘lining bir qancha uchastkalarda ob-havo keskin yomonlashgani qayd etildi. Yo‘lning 80–102 va 166–201-kilometrlarida yomg‘ir, 102–166-kilometrlar oralig‘ida esa qor yog‘moqda. Havo harorati -1 daraja atrofida bo‘lib, ayrim qismlarda qalin tuman kuzatilmoqda. Mazkur sharoit tufayli yo‘llarda ko‘rish masofasi taxminan 500 metrgacha qisqargani ma’lum qilindi.
Shamol tezligi sekundiga 2–10 metr oralig‘ida, namlik esa 79 foiz darajasida qayd etilmoqda. Mutaxassislar bunday ob-havo sharoiti muzlamalar xavfni oshirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Yo‘llar qoplamasidagi xavfni kamaytirish maqsadida «Qamchiqavtoyo‘l IYFK» DM tomonidan tun-u kun maxsus texnika jalb etilgan holda qum-tuz aralashmasi sepish va yo‘lni qordan tozalash ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda avtotransport vositalari ikki tomonlama harakatlanishi ta’minlangan, ammo havo sharoiti tufayli ehtiyot choralari kuchaytirilgan. Yo‘l xizmatlari haydovchilarga tezlikni me’yordan oshirmaslik, transport vositalari o‘rtasidagi oraliq masofani qat’iy saqlash va yo‘l harakati qoidalariga to‘liq rioya qilish zarurligini yana bir bor eslatdi.
«Qamchiqavtoyo‘l IYFK» DMning qayd etishicha, dovondan o‘tayotganda ob-havo sharoiti tez o‘zgarishi mumkin, shu bois haydovchilar har bir burilish harakatini to‘liq nazorat bilan amalga oshirishi, qo‘shimcha xavfsizlik choralariga amal qilishi lozim. Yo‘l xizmatlari sharoitdan kelib chiqib, barcha harakatlanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash uchun ishlar uzluksiz davom ettirilayotganini bildirgan.





