
Qarshidagi zavod dunyo brendlari uchun buyurtma tayyorlamoqda
19.06.2025 | 15:0023043
Qarshi shahrida joylashgan «Alp texno servis» korxonasi dunyoga mashhur elektr texnika brendlari uchun buyurtmalar ishlab chiqarayotgani bilan sanoat sohasidagi muhim eksportchi korxonalardan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida bu loyiha alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Joriy yilning birinchi besh oyida mamlakat sanoati 6,4 foizga o‘sdi, eksport hajmi esa 6 milliard dollardan oshdi. Qashqadaryo viloyati bu ko‘rsatkichlarda salmoqli o‘rin tutayotgan bo‘lsa, shubhasiz, «Alp texno servis»ning hissasi katta. Korxona 10 million dollarlik loyiha asosida tashkil etilgan bo‘lib, u «TCL» va «HOFFMANN» kabi xalqaro brendlar uchun televizor va elektron platalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendini ham yo‘lga qo‘ygan.
Zavod yiliga 500 ming donagacha televizor va platalar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, mahsulotlarning 70 foizi eksport qilinadi. O‘tgan yili eksport hajmi 2 million dollardan oshgan bo‘lsa, bu yilgi reja 10 million dollarni tashkil etadi. Prezident zavodni kengaytirish, mahsulot turlarini oshirish va raqobatbardoshlikni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Hozirda ishlab chiqarishning 50 foizi mahalliylashtirilgan. Yaqin kelajakda 20 million dollarlik 4 ta yangi loyiha amalga oshirilib, changyutgich, elektr choynak, ventilyator va havo sovutgichlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu esa yiliga 30 million dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyatini yaratadi.
Korxonada 200 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, Qarshi davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimi joriy qilingan bo‘lib, mahalliy kadrlarni tayyorlash ishlari izchil davom etmoqda.





