
Qashqadaryoda 14 qozon osh damlatgan fuqaro javobgarlikka tortildi
Chiroqchi tumanida to‘yida amaldagi me’yordan ortiq osh damlatgan fuqaro 4 million so‘mdan ortiq jarimaga tortildi.

Qashqadaryoda to‘yida 14 qozon osh damlatgan fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda sud hujjatlariga tayanib, Daryo nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida Buronjuz mahallasida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan II guruh nogironi S.Q. ismli fuqaro 13 oktyabr kuni o‘z xonadonida to‘y marosimi o‘tkazgan. U qarindoshlar va qo‘shnilar ishtirokida o‘tgan to‘yga kelgan mehmonlar soni ko‘p bo‘lgani sababli amaldagi talabdan ortiq darajada — 14 ta katta qozonda osh tayyorlatgan.
Sud jarayonida fuqaro qilgan ishini to‘liq tan olgan va pushaymonligini bildirgan. U suddan yengillik berilishini so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudi S.Q.ning harakatlarini «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 192¹-moddasiga muvofiq, ya’ni to‘ylar va marosimlar o‘tkazish tartibini buzish sifatida baholagan. Sud qaroriga ko‘ra, u bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 4 mln 120 ming so‘m jarima to‘laydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda so‘nggi yillarda to‘y va ma’rakalarda me’yoriylikni ta’minlash hamda milliy qadriyatlarga mos odob-axloq me’yorlarini targ‘ib qilish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edik.





