
Qashqadaryoda 59 tonna oltin topildi: Viloyat o‘zining tilla davrini boshlamoqda!
20.06.2025 | 19:008843
Qashqadaryoda sanoatga jalb etiladigan milliardlab sarmoyalar va konlar auksioni orqali oltin hamda noyob metallardan foydalanish boshlanadi.

Joriy yilda Qashqadaryo viloyatiga jalb etiladigan investitsiyalar hajmi 3,5 milliard dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan. Bu haqda 20 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘tgan besh oylik holatga ko‘ra, Koson, Kitob va Chiroqchi tumanlarida investitsiya oqimi qariyb ikki barobar oshgani qayd etildi. Biroq viloyatdagi 12 ta konga hali sanoat kirib bormagan.
Hozirda qurilish materiallari yo‘nalishida umumiy qiymati 150 million dollarga teng 16 ta loyiha tayyorlangan. Ushbu loyihalarni jadallashtirish, konlarni esa auksionga chiqarish vazifasi yuklatildi.
Ayniqsa, Kitob tumanidagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi borligi aniqlangan. Tabiatga zarar yetkazmasdan, yopiq usulda oltin qazib olishga 100–150 million dollar sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotganlar ko‘p ekani ma’lum qilindi. Shu bois ushbu konni ham auksionga chiqarish zarurligi ta’kidlandi.
Kitobdagi yana 5 ta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin zaxirasi borligi, Chiroqchida esa 10 ming tonna noyob metallar topilgani ma’lum qilindi. Ushbu hududlarda ilmiy-geologiya ishlarini boshlash to‘g‘risida topshiriq berildi.





