add

Qatar kompaniyasi O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga qiziqish bildirdi

03.08.2025 | 17:0040333

Qatarning Protocol Capital Group kompaniyasi O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasi, energetika, qurilish va axborot texnologiyalari sohalariga investitsiya kiritish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Qatar kompaniyasi O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga qiziqish bildirdi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Qatar kompaniyasi ijrochi raisi Ahmad al-Jufayriy investitsiyalar vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Ahmad al-Jufayriy kompaniya energetika, uy-joy qurilishi, IT, transport va logistika sohalariga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati iqtisodiy o‘sish, raqamlashtirish va infratuzilmani yaxshilashni maqsad qilgan loyihalarni qamrab oladi. Protocol Capital Group top-menejeri transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan ham uchrashib, transport infratuzilmasi va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv chog‘ida yo‘l tarmoqlarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda uzoq muddatli sheriklik modellari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistonda transport sohasida zamonaviy va innovatsion yechimlarni joriy etishdan manfaatdor. Protocol Capital Group jahondagi 34 davlatda 1000 dan ziyod loyihalarni amalga oshirgan. Uning umumiy aktivlari 4 mlrd dollardan ziyod bo‘lib, kompaniya ko‘chmas mulk, suv zaxiralari, havo bilan sovitish, qurilish materiallari, neft-gaz va farmatsevtika sohalarida ham faoliyat yuritadi.  

Teglar

Mavzuga oid