
Qatar Tojikistonga Rog‘un GESini qurish uchun 50 million dollar ajratdi
25.08.2025 | 21:0015983
Bu loyihaning maqsadi milliy energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanadigan energiya bilan ta’minlash orqali mamlakat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash ekani aytilyapti.

Qatar Tojikistonga Rog‘un GESi qurilishi uchun 50 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi. Bu haqdagi bitimni 23 avgust kuni Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda va Qatar taraqqiyot fondi bosh direktori Fahd Hamad Al-Sulayti imzoladi.
Tojikiston Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, mablag‘lar respublikaning energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda ichki va mintaqaviy ehtiyojlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini beruvchi Rog‘un loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Bitim shartlari tafsilotlari e’lon qilinmagan.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va jamg‘armaning boshqa ustuvor davlat loyihalarini amalga oshirishdagi ishtiroki imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashilgan.
Qatar taraqqiyot fondi delegatsiyasi Tojikistonda prezident Imomali Rahmon bilan ham muzokaralar o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Rog‘un GESi qurilishini davom ettirish uchun grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha Qatar taraqqiyot jamg‘armasi bilan muzokaralar olib borgan edi. 2024 yil oktyabr oyida Dohaga amaliy tashrifi doirasida Imomali Rahmon Qatarga Tojikistonning ustuvor loyihalarini moliyalashtirish uchun Qo‘shma iqtisodiy va investitsiya jamg‘armasini tashkil etishni taklif qilgandi.





